Endi jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarda, boshqa transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi

O'zbekiston

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo'lib o'tgan majlisda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Endi jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarda, boshqa transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi
So‘nggi yillarda mamlakatda aholiga sifatli avtotransport xizmati ko‘rsatish, transport tizimini rivojlantirish hamda jamoat transportiga ustuvorlik berish yo‘nalishida amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, avtobuslar soni so‘nggi 2 yilda 2 barobarga oshirildi, avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etildi. Avtobuslarning oraliq intervali 2 barobarga qisqarib, yo‘lovchilar soni 2 barobarga ko‘paydi.

Tirbandlik masalasi aholi uchun, ayniqsa Toshkent shahrida eng dolzarb muammoga aylangan. So‘nggi 2-3 yilda Toshkent shahrida har kuni 7-9 ballik, ayrim vaqtlarda esa 10 ballgacha tirbandliklar kuzatilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda boshqa transport vositalarining harakatlanganligi uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.

Mazkur qonun loyihasi bilan jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing