44 mingta kontrabanda telefon musodara qilindi

O'zbekiston

O‘zbekiston bojxonasi olti oy ichida 44 mingdan ortiq noqonuniy olib kirilgan mobil qurilmalarning mamlakatga kirishini to‘xtatdi. Shuningdek, rasmiy idora telefonlar IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi oshgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

44 mingta kontrabanda telefon musodara qilindi
Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025-yil boshidan buyon 44 mingga yaqin telefon noqonuniy ravishda olib kirilishining oldi olingan. Qurilmalar umumiy qiymati 16,4 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu haqda qo‘mitaning matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish narxi oshgani haqidagi xabarlarga javoban bildirgan izohida aytiladi.

Qayd etilishicha, hozirda UzIMEI tizimida bitta qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini, ya’ni 75 000 so‘mni tashkil qiladi. 1-avgustdan boshlab bu miqdor 82 400 so‘mga yetadi. “Bu summaning oshirilishi yuz bermagan”, – deyiladi bayonotda.

Qo‘mita ta’kidlashicha, IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish narxi go‘yoki $100–400 gacha ko‘tarilgani haqidagi gaplar asosan “kulrang” import bilan shug‘ullanuvchi shaxslar tomonidan tarqatilmoqda. Bu orqali ular telefon narxining oshganini oqlashga urinishmoqda. Agar telefon bojxona deklaratsiyasiz olib kirilgan bo‘lsa, uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida yagona to‘lov olinadi. Masalan, $1000 turadigan qurilma uchun $300 to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Qo‘mitaning qo‘shimcha qilishicha, joriy yil boshidan beri mamlakatga qiymati $180 milliondan oshiq bo‘lgan 1,813 million dona mobil telefon qonuniy ravishda olib kirilgan. Ularning barchasi UzIMEI bazasida avtomatik tarzda ro‘yxatga olingan va xaridorlar tomonidan qo‘shimcha harakat talab etilmaydi.

Fuqarolarga olib kirilayotgan har bir qurilmaning IMEI-kodini bojxonada ko‘rsatib, rasmiy tarzda deklaratsiya qilish tavsiya qilindi. Shuningdek, telefonlarni faqat rasmiy sotuvchilardan xarid qilish, IMEI ro‘yxatdan o‘tmagan qurilmalardan esa voz kechish lozimligi eslatildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing