50 davlat global narkotrafikka qarshi O‘zbekistonda birlashdi

O'zbekiston

Qadimiy Samarqand transmilliy jinoyatchilikka qarshi global kurash markaziga aylandi. Bugun bu yerda O‘zbekiston shafeligida dunyo ekspertlarining sarasini to‘plagan «Jamiyat salomatligi va xavfsizligi yo‘lida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish» mavzusidagi xalqaro forum tantanali ravishda o‘z ishini boshladi.

50 davlat global narkotrafikka qarshi O‘zbekistonda birlashdi
Misli ko‘rilmagan miqyosdagi ushbu tadbir 50 dan ortiq davlat vakillarini va 500 dan ziyod yetakchi xalqaro mutaxassislarni birlashtirdi. BMT, Interpol, Yevropa Ittifoqi, MDH va SHHT kabi nufuzli tuzilmalar delegatlarining ishtiroki anjumanning ahamiyatini yanada oshirdi. Majlis avvalida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlovi o‘qib eshittirildi. Unda kelajak avlodlarni himoya qilishda xalqaro hamkorlikning o‘rni alohida ta’kidlandi.

Ochilish marosimining eng muhim qismi xalqaro yetakchilarning xizmatlarini e’tirof etish bo‘ldi. Global xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bir qator yirik tashkilotlar rahbarlari maxsus ta’sis etilgan «Narkotiklarga qarshi kurashish fidoiysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Yaqin kunlarda ishtirokchilar narkotrafikka qarshi kurashishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishlari, bojxona va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni muhokama qilishlari hamda reabilitatsiya va profilaktika tizimlarini mustahkamlashlari kutilmoqda. Bunday darajadagi forumning o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik masalalarida asosiy moderator sifatidagi maqomini tasdiqlaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing