6-sentabr kuni CCA Tashkent ekskursiyalar, mahorat darslari va chiqishlardan iborat dastur taqdim etadi

O'zbekiston

6-sentabr kuni Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazida (CCA Tashkent) omma uchun ochilishning ilk kuni bo‘lib o‘tadi. Dastur ekskursiyalar, suhbatlar, she’riy o‘qishlar, mahorat darslari, kinonamoyishlar, jonli chiqishlar va musiqiy dasturlarni qamrab oladi. Kun markazida «Hikmah» ko‘rgazmasi turadi.

6-sentabr kuni CCA Tashkent ekskursiyalar, mahorat darslari va chiqishlardan iborat dastur taqdim etadi
Dastur soat 11:00 da ikki parallel tadbir bilan boshlanadi. 3–5 yoshli bolalar uchun Kimsuja va Ali Sherri ijodidan ilhomlangan Little CCA Tashkent Makers: loy va qo‘g‘irchoqlar mahorat darsi o‘tkaziladi. Shu vaqtda doktor Sara Raza «Hikmah» ko‘rgazmasi bo‘yicha kuratorlik ekskursiyasini olib boradi. CCA Tashkent mediatorlari bilan ekskursiyalar esa 13:00, 15:00 va 17:00 da tashkil etiladi.

13:00 da kutubxonada 12 yoshdan katta tomoshabinlar uchun she’riy o‘qishlar bo‘lib o‘tadi. Dastur tarixiy asarlardan zamonaviy adabiyotgacha bo‘lgan o‘zbek she’riyati klassikasini «Hikmah»ning obrazli olami bilan dialogda namoyish etadi.

14:00 da tashrif buyuruvchilar «Uchuvchi gilamlar» haykaltaroshlik mahorat darsi yoki Kimsuja va Ali Sherriga bag‘ishlangan kinodasturdan birini tanlashi mumkin. Mahorat darsida ishtirokchilar material, miqyos, harakat, makon, arxitektura va jamoaviy xotirani o‘rganadilar. Kinoteatrda Kimsujaning Peru va Yevropadagi to‘qimachilik an’analariga bag‘ishlangan «Thread Routes» asarining dastlabki ikki bobi hamda Ali Sherrining Sharjadagi qadimiy xarobalar qo‘riqchisining kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi «Digger» filmi namoyish etiladi.

16:00 da ikki dastur parallel ravishda o‘tkaziladi. Dizel stansiyasining Bosh sahnasida CCA Tashkent rezidenti Attiya Shiraz tomonidan Nari Uord installyatsiyasi bilan muloqotda yaratilgan Avaaz loyihasi Yunus Rajabiy nomidagi institut vokalchilarini birlashtiradi. Shu vaqtda ustaxonada 12 yoshdan katta ishtirokchilar uchun apseyklинг bo‘yicha mahorat darsi bo‘lib o‘tadi.

17:00 da rassom Nadya Kaabi-Linke «Hikmah» kuratori doktor Sara Raza bilan uchrashadi. Ular rassomning ijodiy amaliyoti, ko‘rgazmada namoyish etilgan Flying Carpets (2015) asari, shuningdek, arxitektura, xotira, migratsiya va makon hamda materiallarda mujassam bo‘lgan ijtimoiy tarixlarni muhokama qiladilar.

Kechki dastur 20:00 da CCA Tashkent ichki hovlisida bo‘lib o‘tadigan Shashmaqom: The Method dasturi bilan yakunlanadi. U Markaziy Osiyo musiqa an’analariga tirik bilim shakli sifatida murojaat qilib, an’anaviy musiqani zamonaviy ijrochilik san’ati bilan birlashtiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing