Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi

O'zbekiston

O‘zbekistonda 37 yildan keyin ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligi umumxalq ro‘yxatga olinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirni ma’qulladi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkaziladi
Ro‘yxatga olish mamlakatning 38 million aholisi va agrar sektorini qamrab oladi. Dastlabki 17 kun ma’lumotlar onlayn tarzda internet orqali yig‘iladi, keyin esa mahalla yettiligi ishtirokida uyma-uy yurib o‘tkaziladi.

Yangi format 1,3 trillion so‘m tejalishini ta’minlaydi, jarayonni soddaroq va shaffof qiladi. Savollar soni 328 tadan 71 taga qisqartiriladi. Aholi soni, migratsiya, oilaviy ahvol, bandlik va daromad manbalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ro‘yxatga olish yer maydonlari, chorva va parranda sonini aniqlash, sohada har yili ajratiladigan 25,6 trillion so‘mlik mablag‘larning samaradorligini baholash imkonini beradi.

Mahallalar vakillari maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanadi va moddiy rag‘batlantiriladi. Shu bilan birga, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ko‘lamli axborot kampaniyasi olib boriladi.

Mazkur ro‘yxatga olish mamlakat rivojlanishini rejalashtirish, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish va davlat dasturlarini samarali amalga oshirishda muhim vositaga aylanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing