AKFA universiteti Central Asian University nomi bilan qayta tuzildi

O'zbekiston

Universitet rektori Kamron Gʻulomovga koʻra, nomni o‘zgartirish universitetning nafaqat O‘zbekiston, balki undan tashqarida ham tadqiqotlar, innovatsiyalar va akademik afzalliklar borasida yetakchi bo‘lishdek maqsadiga strategik jihatdan muvofiq keladi.

AKFA universiteti Central Asian University nomi bilan qayta tuzildi
2023-yil 26-iyun kunidan boshlab “AKFA University” nomi “Central Asian University (CAU)”ga o‘zgardi. Bu haqda universitet rektori Kamron Gʻulomov maʼlum qildi. Unga koʻra, ushbu strategik qaror CAUni rivojlantirish hamda uni Markaziy Osiyoda ilg‘or, yetakchi ta’lim muassasasi sifatida o‘rin egallashi uchun mo‘ljallangan chora-tadbirlarning bir qismidir.

“O‘tgan davrda, ko‘plab Markaziy osiyolik talabalar bizga ishonch bildirib, universitetimizga o‘qishga kirishi, dunyoning ilg‘or universitetlari bilan o‘zaro xamkorlik aloqalari o‘rnatilgani hamda oliy ta’limda xalqaro tan olingan standartlarni joriy etilishi uning nomini o‘zgartirishga asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi sifatida, biz hamkorlik, innovatsiyalar va bilimlar almashinuvi asosida ravnaq topadigan inklyuziv hamda madaniy xilma-xillikka ega akademik muhitni yanada qo‘llab quvvatlashga intilyapmiz”, deydi universitet rektori.

Qayd etilishicha, nomni o‘zgartirish universitetning nafaqat O‘zbekiston, balki undan tashqarida ham tadqiqotlar, innovatsiyalar va akademik afzalliklar borasida yetakchi bo‘lishdek maqsadiga strategik jihatdan muvofiq keladi.

“Markaziy osiyo tez suratlarda muhim mintaqaga aylanib bormoqda va biz Central Asian University Markaziy osiyo ichida va tashqarisida rivojlanishiga ko‘maklashuvchi innovatsiyalar, texnologiyalarga asoslangan ta’lim markazi deb hisoblaymiz. Biz ushbu islohatlar davomida talabalarimizga eng yaxshi bilim va ta’lim tajribasini berish maqsadimizga sodiq qolamiz. Yangi rivojlanish rejalarimizga qatiy rioya qilish maqsadida biz ta’lim dasturlarimizni takomillashtirish, eng yaxshi professor va o‘qituvchilarni jalb qilish hamda zamonaviy infratuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha ishlarimizni davom etamiz”, deydi Kamron Gʻulomov.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing