AQSh ilk bor Yer orbitasida qurol mavjudligini tasdiqladi

Texnologiya

AQSh ilk bor Yer orbitasida joylashtirilgan qurol mavjudligini rasman tasdiqladi. AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meink bu haqda 14-sentabr kuni Merilend shtatida bo‘lib o‘tgan Air, Space & Cyber konferensiyasida ma’lum qildi, biroq tizimlarning turi, soni va qachon orbitaga chiqarilgani haqida ma’lumot bermadi.

AQSh ilk bor Yer orbitasida qurol mavjudligini tasdiqladi
Meinkning so‘zlariga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarni raqiblarning dushmanona harakatlaridan himoya qilishga qodir “orbitadagi kosmik nazorat qurollari”ga ega. AQSh Kosmik kuchlari bunday vositalar kinetik va no-kinetik usullardan foydalanishini, ular mudofaa va hujumkor maqsadlarda qo‘llanishi mumkinligini bildirdi.

AQSh harbiylari aynan qanday tizimlar haqida gap ketayotganini ochiqlamadi. Mutaxassislar potensial imkoniyatlar qatorida boshqa kosmik apparatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshlar, signallarni bostirish vositalari, shuningdek, lazer yoki raketa-perexvatchiklar bilan jihozlangan tizimlarni tilga olmoqda. Biroq AQSh tomonidan joylashtirilgan qurollarning aniq xususiyatlari rasman tasdiqlanmagan.

Vashington bunday imkoniyatlarni rivojlantirishni Rossiya va Xitoy tomonidan yuzaga kelayotgan tahdidlarga javob berish zarurati bilan izohlamoqda. AQSh avvalroq ushbu davlatlarda sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi vositalar ishlab chiqilayotgani haqida ma’lum qilgan. 2019-yilda kosmosdagi harbiy operatsiyalar uchun AQSh Kosmik kuchlari tashkil etilgan.

Xalqaro-huquqiy vaziyat murakkabligicha qolmoqda. 1967-yildagi Kosmos to‘g‘risidagi shartnoma orbitaga yadroviy qurol va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlaydi, biroq odatiy qurollarni kosmosga joylashtirishga umumiy taqiq belgilamaydi.

Vashingtonning bayonoti Moskva va Pekinning reaksiyasiga sabab bo‘ldi. Xitoy TIV vakili Guo Jiakun 15-sentabr kuni AQShni kosmosdagi harbiy salohiyatini kengaytirish va kosmosda urushga tayyorgarlik ko‘rishni to‘xtatishga chaqirdi. Kreml esa kosmos quroldan xoli bo‘lishi kerakligini bildirib, uni demilitarizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing