AQSh Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln ajratdi

Texnologiya

AQSh Markaziy Osiyo davlatlariga kiberxavfsizlik va raqamli sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln ajratdi. Mablag‘lar, jumladan, kiber gigiyena darajasini oshirish, kiberhodisalarga javob berish mexanizmlarini takomillashtirish va muhim infratuzilmani himoya qilishga yo‘naltiriladi. Bu haqda 29 sentyabr kuni AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha davlat kotibi yordamchisining amaldagi o‘rinbosari Mark Kemeron Astanada bo‘lib o‘tgan C5+1 Super Intelligence konferensiyasida ma’lum qildi.

AQSh Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln ajratdi
Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va AQSh vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiyada neyron tarmoqlar, raqamli infratuzilma va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, kiberxavfsizlikni mustahkamlash hamda AQSh texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Kemeronning so‘zlariga ko‘ra, AQSh mablag‘lari CRDF Global orqali mintaqaning raqamli sektorini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Vashington kiber gigiyena darajasini oshirish, kiberhodisalarga javob berishni takomillashtirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektorining xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik siyosatini rivojlantirishga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.

«Biz CRDF Global orqali Markaziy Osiyoning kiberxavfsizligi va raqamli sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln miqdorida xorijiy yordam ajratdik. Biz kiber gigiyena darajasini oshirish, kiberhodisalarga javob berishni takomillashtirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektori xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik sohasidagi siyosatni rivojlantirishga ko‘maklashmoqchimiz», — dedi Kemeron.

Konferensiyada raqamli infratuzilma va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishlar kiberxavfsizlik bilan bir qatorda C5+1 davlatlarining iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma bayonotida ham belgilangan. Hujjat IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqot va ta’lim sohasida hamkorlik qilish, raqamli xizmatlar va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni ham nazarda tutadi.

Astanadagi konferensiya o‘tgan yil noyabr oyida Vashingtonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va AQSh prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan C5+1 sammitida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi.

Kemeron ajratilgan mablag‘larni Markaziy Osiyoning xavfsizroq raqamli kelajagini shakllantirishga qaratilgan kompleks ishlarning bir qismi sifatida baholadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing