AQSh va yana 40 davlat ballistik raketa uchirilishi haqida 24 soat oldin xabar berishga chaqirdi

Dunyo

AQSh, Kanada, Ukrainaning ham qatnashuvi bilan Yevropaning aksariyat davlatlari, shuningdek, Osiyo va Okeaniyaning qator mamlakatlari qit’alararo va suvosti ballistik raketalari hamda raketa-tashuvchilar uchirilishi haqida oldindan majburiy xabardor qilishni taklif qildi. 41 davlat qo‘shma bayonotida bunday xabarlar uchirilishidan kamida 24 soat oldin yuborilishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh va yana 40 davlat ballistik raketa uchirilishi haqida 24 soat oldin xabar berishga chaqirdi
Ishtirokchi davlatlar fikricha, yadroviy kallaklarni tashishga qodir raketalarni yetarli darajada oldindan ogohlantirmasdan va batafsil ma’lumotsiz sinovdan o‘tkazish noto‘g‘ri baholashlar xavfini oshiradi hamda xalqaro barqarorlikka putur yetkazadi.

Hujjatda bildirishnomalarda raketa yoki raketa-tashuvchining umumiy turi, uchirishning taxminiy vaqti, start hududi va parvoz yo‘nalishi ko‘rsatilishi taklif etilgan. Shuningdek, ayniqsa raketa tushishi mumkin bo‘lgan hududlarda uchuvchilar va dengizchilar uchun aniq ogohlantirishlar yuborish zarurligi qayd etilgan.

Yangi tashabbusga, jumladan, «Tinch okeani mintaqasidagi yaqinda o‘tkazilgan raketa sinovlari» sabab bo‘lgan. Yaponiya va Janubiy Koreya OAVlari buni Xitoy harbiylari tomonidan 6-iyul kuni suvosti kemasidan strategik raketa uchirilgani bilan bog‘lamoqda. Xitoyning Xinhua agentligi ma’lumotiga ko‘ra, raketa Xitoy Xalq ozodlik armiyasi harbiy-dengiz kuchlarining yadroviy suvosti kemasidan uchirilgan va o‘quv kallagi bilan jihozlangan. U Tinch okeanining oldindan belgilangan hududiga tushgan. Xitoy tomoni tegishli davlatlar oldindan xabardor qilinganini, sinov xalqaro huquqqa mos kelishini va muayyan davlat yoki nishonga qarshi qaratilmaganini bildirgan.

Biroq qo‘shma bayonot mualliflari ushbu sinov ko‘plab davlatlar tomonidan nizolar xavfini kamaytirish uchun qo‘llanadigan standart xabardor qilish amaliyotiga mos kelmaganini ta’kidlamoqda.

Tashabbuskor davlatlar taklif qilinayotgan shaffoflik harbiy dasturlar yoki davlatlarning tezkor imkoniyatlarini cheklamasligi kerakligini bildirdi. Ularning fikricha, oldindan xabardor qilish noto‘g‘ri hisob-kitoblar ehtimolini kamaytirib, o‘zaro ishonchni mustahkamlashi mumkin.

Xitoy esa ertasi kuni sinov yillik harbiy tayyorgarlik dasturining bir qismi bo‘lganini, hech bir davlatga qarshi qaratilmaganini va tegishli mamlakatlar oldindan xabardor qilinganini yana bir bor bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing