Bank of Georgia egasi O‘zbekistonning eng yirik banklariga qiziqmoqda

Biznes

Lion Finance Group, Bank of Georgia egasi, O‘zbekiston bank bozoriga mahalliy yirik banklardan birini sotib olish orqali kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Guruh, avvalo, o‘z bozorlarida TOP-3 yoki TOP-5 qatoridan o‘rin olgan banklarga e’tibor qaratmoqda va kichik moliyaviy tashkilotlarni maqsad qilmayapti.

Bank of Georgia egasi O‘zbekistonning eng yirik banklariga qiziqmoqda
Lion Finance Group bosh direktori Archil Gachechiladze Bloomberg nashriga bergan intervyusida kompaniyaning keyingi o‘sish strategiyasi Bank of Georgia’ning raqamli modelini xaridlar orqali yangi bozorlarga olib chiqishni nazarda tutishini aytdi. U istiqbolli yo‘nalishlar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston, shuningdek, Boltiqbo‘yi va Bolqon mamlakatlarini tilga oldi. «Biz TOP-3 yoki TOP-5 o‘yinchilarga e’tibor qaratamiz. Ushbu qiymatni ochishning kaliti — bu modelni qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan yangi bozorlarni topish», dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi uchlikdagi banklar ustuvor hisoblanadi: «Biz kichik banklarni tanlamaymiz».

O‘zbekistondagi qaysi banklar guruh uchun potensial xarid obyekti sifatida ko‘rilayotgani ma’lum qilinmagan. Shuningdek, aniq muzokaralar yoki rasmiy takliflar mavjudligi haqida ham axborot yo‘q.

Lion Finance Group’ning O‘zbekistonga qiziqishi mamlakat bank sektoridagi davom etayotgan islohotlar fonida yuzaga kelmoqda. Yangilangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi davlat banklari sonini qisqartirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirishni nazarda tutadi. O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib davlatga tegishli banklar sonini to‘qqiztadan to‘rttagacha kamaytirish rejalashtirilgan.

Mintaqaviy ekspansiya guruh strategiyasining muhim qismiga aylangan. Lion Finance Group 2024 yilda Armanistondagi Ameriabank’ni sotib oldi, bitimning bazaviy qiymati qariyb 303,6 mln dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda guruh Gruziya va Armanistondagi bank aktivlarini birlashtiradi hamda FTSE 100 indeksiga kiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing