Baxtiyor Saidov: yapon biznesi bilan muloqot hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitishi kerak

Biznes

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 18 sentyabr kuni Tokioda Yaponiya biznes federatsiyasi «Keidanren» raisi Takeshi Hashimoto hamda yetakchi yapon kompaniyalari rahbarlari va vakillari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Uchrashuv O‘zbekiston-Yaponiya iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish va yangi investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Baxtiyor Saidov: yapon biznesi bilan muloqot hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitishi kerak
Davra suhbatida Mitsui O.S.K. Lines, Sojitz, All Nippon Airways, Shimizu, JETRO, Sumitomo, JBIC, Toyo Engineering, Toyota Tsusho, Marubeni, Mitsui, Mitsubishi va boshqa yirik yapon kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdilar.

Ular qatoridan energetika, transport va logistika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash o‘rin oldi. Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekiston tomoni va yapon biznesi vakillari o‘rtasidagi amaliy muloqotning muhim qismiga aylandi.

Baxtiyor Saidov uchrashuvning iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va mavjud hamkorlikni aniq tashabbuslarga aylantirishga qaratilganini ta’kidladi.

«Bugungi ochiq va amaliy muloqot yapon biznesi bilan hamkorlikni aniq loyihalar va yangi tashabbuslar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi», — dedi O‘zbekiston TIV rahbari.

Davra suhbati yakunida tomonlar yapon kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ustuvor sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing