BMB HOLDING Fransiyaning Bpifrance investitsiya banki bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

Biznes

BMB HOLDING Fransiyaning Bpifrance investitsiya banki bilan xorijiy kapital jalb qilish va yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Muzokaralar 19-oktabr kuni BMB HOLDING Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulovning Yevropa mamlakatlariga xizmat safari doirasida Parijda bo‘lib o‘tdi.

BMB HOLDING Fransiyaning Bpifrance investitsiya banki bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi. Bpifrance tomonidan unda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA), Turkiya hamda Markaziy Osiyo yo‘nalishi rahbari Mael Mbaye ishtirok etdi.

Tomonlar BMB HOLDING amalga oshirayotgan va kelgusida boshlashni rejalashtirayotgan yirik loyihalarni moliyalashtirishda Fransiya moliya institutlari imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va istiqbolli tashabbuslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirish, investitsiya takliflarini birgalikda ishlab chiqish va har ikki tomonning imkoniyatlarini hisobga olgan holda yangi loyihalarni tayyorlash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari BMB HOLDING va Bpifrance o‘rtasida shakllangan ishbilarmonlik aloqalarini ijobiy baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Mavjud muloqot qo‘shma investitsiyaviy tashabbuslarni ilgari surish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun amaliy hamkorlikning yangi bosqichiga zamin yaratishi ta’kidlandi.

BMB HOLDING uchun Bpifrance bilan hamkorlik xalqaro moliya institutlari bilan aloqalarni kengaytirish va yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish imkoniyatidir. Kompaniya yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishda xorijiy tajriba hamda samarali moliyaviy mexanizmlardan foydalanishni ham ko‘zlamoqda.

Parijdagi muzokaralar Bekzod Mamatqulovning Yevropa mamlakatlariga xizmat safari doirasida o‘tkazildi. BMB HOLDING keyingi uchrashuvlar va ularning natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot berishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing