BMB HOLDING ICG va B Capital Partners bilan investitsiya loyihalarini muhokama qildi

Biznes

BMB HOLDING Tsyurixda ICG va B Capital Partners vakillari bilan investitsiya loyihalarini muhokama qildi. Kompaniya Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov 26-oktabr kuni Yevropa bo‘ylab xizmat safari doirasida ikki xalqaro investitsiya guruhi vakillari bilan uchrashdi.

BMB HOLDING ICG va B Capital Partners bilan investitsiya loyihalarini muhokama qildi
ICG ta’sischisi Peter Pal bilan uchrashuvda Özbekistonda texnik kanop yetishtirish, uni qayta ishlash va tayyor mahsulotni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Tsyurixda joylashgan ICG xususiy kapital va kreditlash yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

Tomonlar loyihaning investitsiyaviy salohiyati, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish va mahsulotni xorijiy bozorlarga yetkazib berish masalalarini ko‘rib chiqdilar. ICG vakillari loyiha doirasida yetishtirilgan va qayta ishlangan mahsulotning butun hajmini xarid qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu ishlab chiqarishdan xalqaro bozorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni muvofiqlashtirishga yordam berishi mumkin.

Shu kuni Mamatqulov B Capital Partners kompaniyasining tijorat va investitsiya masalalari yo‘nalishi rahbari Antonio Donnolli bilan ham uchrashdi. Tsyurixda joylashgan ushbu kompaniya barqaror infratuzilma loyihalariga, jumladan energetika sohasiga investitsiya kiritishga ixtisoslashgan.

Muzokaralarda BMB HOLDINGning amaldagi loyihalariga qo‘shimcha kapital jalb qilish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar investitsiyalarni samarali taqsimlash, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlaridan oqilona foydalanish va xorijga yetkazib berishni kengaytirish yo‘llarini ham ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvlar BMB HOLDINGning xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini rivojlantirish va Özbekiston eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir. B Capital Partners bilan muzokaralardan so‘ng Bekzod Mamatqulov Yevropa safari doirasidagi uchrashuvlarni davom ettirish uchun Tsyurixdan Lyuksemburgga jo‘nab ketdi. 

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing