BMB HOLDING va HT HOLDING za’faron yetishtirish loyihasini 2 ming gektargacha kengaytirishni muhokama qildi

Biznes

BMB HOLDING va Italiyaning HT HOLDING kompaniyasi za’faron yetishtirish bo‘yicha qo‘shma loyihani kengaytirish va yangi investitsiya tashabbuslarini muhokama qildi. Muzokaralarni 5-oktabr kuni BMB HOLDING Ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov va HT HOLDING prezidenti Roberto Tucci o‘tkazdi.

BMB HOLDING va HT HOLDING za’faron yetishtirish loyihasini 2 ming gektargacha kengaytirishni muhokama qildi
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, amaldagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish va yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ko‘rib chiqdi. Bir kun avval, 4-oktabr kuni Mamatqulov va Tucci Jizzax viloyatining Baxmal tumanida BMB ZA’FARON plantatsiyalarini kengaytirish doirasida yangi yer maydonlariga za’faron piyozchalarini namunaviy ekishda ishtirok etdi.

Tomonlar oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalardan biri za’faron plantatsiyalari maydonini 2027-yil oxirigacha 2 ming gektarga yetkazishdan iborat. Shu bilan birga, ishlab chiqarish hajmini oshirish, o‘zbek za’faroni va undan tayyorlanadigan mahsulotlar eksport geografiyasini kengaytirish hamda yangi xalqaro bozorlarga chiqish rejalashtirilmoqda.

Muzokaralarda Amerikaning yirik chakana savdo tarmog‘i Costco bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Za’faron loyihasidan tashqari, tomonlar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli tashabbuslar ustida ishni davom ettirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amaliy bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.

Roberto Tucci O‘zbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholab, xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlar va xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, biznesni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, amalga oshirilayotgan islohotlar va tashabbuslar uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishda to‘plangan tajriba va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga kelishdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing