Centrum Air yangi loyihani ishga tushirmoqda: ilk samolyotga Amir Temur nomi berildi

O'zbekiston

Centrum Air aviakompaniyasi tarixiy va madaniy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbus boshlanganini e’lon qiladi. Mazkur loyiha doirasida aviakompaniya havo kemalariga buyuk tarixiy shaxslarning nomlari beriladi.

Centrum Air yangi loyihani ishga tushirmoqda: ilk samolyotga Amir Temur nomi berildi
Ushbu tashabbus doirasida nom berilgan birinchi havo kemasi UK32070 ro‘yxat raqamiga ega Airbus yo‘lovchi samolyoti bo‘ladi. Unga buyuk davlat arbobi va sarkarda — Amir Temur nomi beriladi. Mazkur tanlov ramziy ma’noda u zotning tavallud ayyomiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur tashabbus tarixiy merosni ommalashtirishga qaratilgan bo‘lib, ajdodlarimiz tarixi va ularning hissasiga hurmatni aks ettiradi hamda kompaniya qadriyatlari va madaniy missiyasining muhim qismi hisoblanadi.

Amir Temur tarixga buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatida kirgan bo‘lib, uning davrida Samarqand ilm-fan, madaniyat va savdo-sotiqning muhim markaziga aylangan, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi xalqaro aloqalar esa faol rivojlangan. Bugungi kunda aviatsiya ko‘p jihatdan aynan shu missiyani davom ettirib, mamlakatlarni bog‘lamoqda, xalqaro aloqalar va madaniy almashinuvni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abduraxmanov shunday dedi:
«Tariximizdagi buyuk shaxslar madaniyatlarni birlashtirgani, savdo-sotiqni rivojlantirgani va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlagani kabi aviatsiya ham shaharlar va mamlakatlarni birlashtiradi. Samolyotlarimizdan biriga Amir Temur nomining berilishi — bu merosga bo‘lgan hurmat belgisi, shuningdek, insonlarni birlashtirish hamda yangi ufqlarni ochish missiyasini davom ettirayotganimiz ramzidir».

Mazkur tashabbus doirasida xoldingning barcha 25 ta havo kemasiga, jumladan, My Freighter yuk aviakompaniyasi flotiga ham ulug‘ tarixiy shaxslarning nomlari beriladi. Samolyotlar davlatchilik, fan, madaniyat va xalqaro aloqalar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz nomlari bilan ataladi. Shu tariqa Centrum Air mamlakatning boy tarixiy merosini xalqaro maydonda tanitib, o‘ziga xos madaniy missiyani amalga oshiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing