Centrum Air Yevropaga ilk yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yadi

O'zbekiston

Centrum Air 2026 yil bahorida Toshkentdan Frankfurt va Kopengagenga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi — bu aviakompaniyaning Yevropaga ilk kengayish bosqichi bo‘ladi.

Centrum Air Yevropaga ilk yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yadi
O‘zbekistonning eng yirik xususiy aviakompaniyasi Centrum Air 2026 yilgi bahor–yoz mavsumi doirasida o‘zining ilk Yevropa yo‘nalishlarini ochayotganini ma’lum qildi. Bu kompaniya uchun xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishda muhim bosqich bo‘lib qoladi.

30 martdan boshlab Toshkent — Frankfurt — Toshkent, 31 martdan esa Toshkent — Kopengagen — Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshiriladi. Har ikkala yo‘nalish haftasiga ikki martadan Airbus A321neo samolyotlarida bajariladi.

Kopengagenga reyslar seshanba va payshanba kunlari bajariladi. Parvoz davomiyligi — 7 soat 30 daqiqa, chipta narxlari — 3 million so‘mdan boshlab (yuk bilan). Frankfurtga reyslar dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi, parvoz 8 soat 15 daqiqa davom etadi, minimal narx esa 3,7 million so‘mni tashkil etadi.

A321neo samolyotlari past shovqin darajasi, tejamkor yoqilg‘i sarfi va yanada qulay salon bilan ajralib turadi, bu esa yo‘lovchilar uchun parvozni yanada maroqli qiladi.

Centrum Air Toshkentni zamonaviy tranzit markazi sifatida rivojlantirishni ham davom ettirmoqda. Germaniya va Daniyadan keladigan yo‘lovchilarga Bangkok, Seul, Guanchjou, Pxuket, Dehli, Male kabi shaharlarga qulay ulanishlar taklif qilinadi.

Kelgusida aviakompaniya Yevropadagi ishtirokini kengaytirishni rejalashtirmoqda — Manchester, Madrid, Barselona va Rim kabi yo‘nalishlar ko‘rib chiqilmoqda.

«Yevropaga chiqish — biz va yo‘lovchilarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochadigan muhim qadam. Bu yo‘nalishlar O‘zbekistonni dunyoning eng muhim aviatsiya hududlaridan biri bilan bog‘laydi», — dedi Centrum Air asoschisi va bosh direktori Abdullaziz Abdurahmonov.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing