Chegarasiz muloqot: Garvard talabalari O‘zbekiston Senati bilan uchrashdi

O'zbekiston

Oliy Majlis Senatida AQShning yetakchi universitetlari talabalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor O‘zbekistondagi islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlik masalalariga qaratildi.

Chegarasiz muloqot: Garvard talabalari O‘zbekiston Senati bilan uchrashdi
16-mart kuni Oliy Majlis Senatida Garvard universiteti, Massachusets texnologiya instituti, Stenford va Yel universiteti talabalari, shuningdek Markaziy Osiyo va turkiy davlatlar kokusi vakillari bilan muloqot o‘tkazildi.

Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar — iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruvi sohalaridagi o‘zgarishlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari hamda ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, manzilli yordamni rivojlantirish va zamonaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishga qaratildi.

Ta’kidlanishicha, Garvard universiteti qoshidagi mazkur kokus ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirishda muhim platformaga aylanmoqda.

Talabalar O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatiga qiziqish bildirib, uning amaliy tajribasini o‘rganish istagini bildirdi.

Tanzila Norboyeva yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etdi. Shahnoza Mirziyoyeva esa kelajakni muhokama qilishda yoshlarning ishtiroki muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida qo‘shma ta’limiy va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing