Davlat boshqaruvi sifatini oshirishda yangi bosqich boshlandi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida oʻtkazilgan taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Davlat boshqaruvi sifatini oshirishda yangi bosqich boshlandi
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim” degan tamoyil davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi. Islohotlar markazida inson qadrini ulugʻlash, fuqarolar va tadbirkorlar uchun munosib sharoit yaratish maqsadi turibdi.

Qayd etilganidek, samarali davlat boshqaruvisiz hech bir sohada kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Har bir fuqaro kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy oʻzgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi. Shu bois, boshqaruv idoralari odamlarning muammolarini oʻz vaqtida, adolatli va tizimli hal etishi zarur.

Ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiya islohotlar samarasini pasaytirishi, aholining davlatga ishonchini susaytirishi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, davlat boshqaruvida yangicha va ilgʻor yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik muhim oʻrin tutmoqda. Soʻnggi yillarda davlat boshqaruvi sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi sheriklik yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻtgan yil noyabr oyida byurokratiyani bartaraf etish va sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro forumlar birgalikda yuqori saviyada oʻtkazildi, davlat boshqaruvida ilgʻor tajriba almashish yuzasidan hamkorlik kelishuvi imzolandi.

“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi ana shu hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholandi.

Prezidentimiz mazkur dastur davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish hamda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Joriy yil yanvar-aprel oylarida dastur doirasida 40 ta respublika idorasi faoliyati, boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan baholandi.

Taqdirlash marosimida bir qator vazirlik va idoralar erishgan natijalari uchun eʼtirof etildi.

Adliya vazirligi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Qayd etilganidek, vazirlik qisqa vaqtda zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda 30 ta platforma orqali 380 ta xizmat toʻliq raqamlashtirilgan, 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish imkoniyati yaratilgan, 208 ta davlat xizmatlari markazi butun mamlakat boʻylab yagona standart asosida ishlamoqda.

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish boʻyicha eng namunali vazirlik sifatida eʼtirof etildi. Vazirlikda ajratilgan mablagʻlar yangi konlarni qidirib topish va sohani rivojlantirishga yoʻnaltirilgani, geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirilgani, asosiy konchilik uskunalarining mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazilgani taʼkidlandi.

Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi ijobiy natijalari uchun eng namunali deb topildi. Vazirlik tomonidan koʻrsatilayotgan 60 ga yaqin xizmatning 95 foizi raqamli shaklga oʻtkazilgan. Ilgari tarqoq boʻlgan 72 ta maʼlumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirilib, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ortiq vazirlik ulangan. Oʻtgan yili 148 mingdan ziyod maʼmuriy ish masofaviy tarzda koʻrib chiqilgan.

Tanlov doirasida namunali rahbar va mutaxassis xodimlar ham taqdirlandi. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshligʻi Maqsud Bolibekov eng namunali rahbar xodim, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boʻlim boshligʻi Fazliddin Moʻminov eng namunali maʼmuriy xodim, “Oʻzatom” agentligi bosh mutaxassisi Shohmirzo Umarov eng namunali mutaxassis xodim, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Ummatoy Yoʻldosheva eng namunali ayol xodim, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi loyiha ofisi rahbari Akbarxon Sobirxonov eng namunali isteʼdodli yosh xodim, Adliya vazirligi boʻlim boshligʻi Mirsaid Raxmatov inson resurslari boʻyicha eng namunali xodim sifatida gʻolib boʻldi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Olim Omonov eng namunali vazir o‘rinbosari, Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev eng namunali agentlik direktori, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev eng namunali qo‘mita raisi sifatida e’tirof etildi.   

Davlatimiz rahbari eʼtirof etilgan xodimlarni lavozimini bir pogʻonaga koʻtarish va rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish taklifini bildirdi. Ularning oʻz ustida doimiy ishlashi, yangicha fikrlashi va mehnat faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishi boshqalar uchun oʻrnak boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz kelgusi bosqichlarda dastur yanada ochiq va talabchan boʻlishini qayd etdi. Bundan buyon yaxshi natija koʻrsatgan idoralar bilan birga samaradorlik va xizmat sifati boʻyicha ortda qolayotgan tashkilotlar ham ochiq aytiladi. Bu davlat idoralarini oʻz faoliyatiga xolis baho berish, kamchiliklarni bartaraf etish va aholi oldidagi masʼuliyatini oshirishga undaydi.

Endilikda “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi har ikki yilda oʻtkaziladi. Kelgusi bosqichdan unda mahalliy hokimliklar ham ishtirok etadi. Chunki islohotlar natijasi, avvalo, quyi boʻgʻinda, tuman va shaharlar darajasida sezilishi kerak.

Davlatimiz rahbari xalq ishonadigan, inson qadrini ulugʻlaydigan, odamlarning ogʻirini yengil qiladigan samarali davlat tizimini yaratish bundan keyin ham ustuvor vazifa boʻlib qolishini taʼkidladi. Vazirlik va idoralar faoliyatida “jarayon uchun” emas, “natija uchun” ishlash tamoyili asosiy mezonga aylanishi zarurligi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing