Davlatimiz rahbari Yashil iqlim fondi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Dunyo

Antaliya shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzi uchun ajratilgan qarorgohda Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari Yashil iqlim fondi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
Muloqot chogʻida iqlim oʻzgarishiga moslashish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish hamda iqlim moliyasi mablagʻlarini jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.

Jamgʻarma bilan sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qoʻshma loyihalar portfeli 200 million dollardan oshdi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga chidamli landshaftlarni yaratish boʻyicha mintaqaviy dastur maʼqullanganini olqishladi.

Mamlakatimiz moliya institutlarining fond resurslaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish imkoniyatini taʼminlash, Oʻzbekistonda iqlimga oid, shu jumladan, Orolboʻyini ekologik jihatdan tiklash hamda “yashil” shaharlarni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli investitsiya dasturini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida sheriklikni mustahkamlash va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing