Dubayda savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun O‘zbekiston biznes kengashi tashkil etildi

Iqtisodiyot

Dubay Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston bilan savdo va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan Uzbekistan Business Council yangi platformasi tashkil etilganini e’lon qildi. Kengash ikki bozor tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish va biznes uchun yangi imkoniyatlarni izlashga xizmat qiladi.

Dubayda savdo va investitsiyalarni kengaytirish uchun O‘zbekiston biznes kengashi tashkil etildi
Kengashning ilk yig‘ilishi Dubay Savdo-sanoat palatasi qarorgohida o‘tkazildi. Unda o‘zaro investitsiyalar, kompaniyalar o‘rtasida biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba va biznes axboroti almashinuvi hamda qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Kengashga o‘zbekistonlik tadbirkor, Aksum Group xolding asoschisi Ulug‘bekxon Maksumov rahbarlik qiladi. Dubay Savdo-sanoat palatasining biznes manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vitse-prezidenti Maha Al Gergaviy yangi tuzilma savdo va investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlash hamda turli sohalarda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Maksumovning qayd etishicha, kengash tadbirkorlar hamkor topishi, investorlar yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishi va ikki mamlakat kompaniyalari birgalikda rivojlanishi mumkin bo‘lgan amaliy platformaga aylanishi kerak. Tashkilot O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo, investitsiya va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston biznesining Dubayga qiziqishi ortib bormoqda. 2025-yilda Dubay va O‘zbekiston o‘rtasidagi neftdan tashqari savdo hajmi 10,3 mlrd dirhamga yetdi. Dubay Savdo-sanoat palatasi a’zolari orasidagi o‘zbekistonlik kompaniyalar soni 21,3 foizga oshib, 826 taga yetdi. 2026-yilning birinchi yarmida palataga O‘zbekistondan yana 75 ta kompaniya qo‘shildi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda BAA kapitali ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. So‘nggi uch yil davomida amirlik investorlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga $3 mlrd investitsiya kiritgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $1,2 mlrdni tashkil etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing