Eron Qurg‘oqchilik Tufayli Poytaxtni Ko‘chirish Zarurligini Tan Oldi

Dunyo

Rekord darajadagi qurg‘oqchilik va yerning keskin cho‘kishi Tehronni ekologik inqiroz yoqasiga olib keldi. Shu sharoitda Eron prezidenti Masud Pezeşkian ilk bor tan oldi: poytaxtni ko‘chirish endi imkonsiz loyiha emas — majburiy choraga aylanmoqda.

Eron Qurg‘oqchilik Tufayli Poytaxtni Ko‘chirish Zarurligini Tan Oldi
Eron prezidenti Masud Pezeşkian Tehrondan poytaxtni ko‘chirish zarur bo‘lganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Fars agentligi. Uning aytishicha, avval hukumatda bu loyihani amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ bo‘lmagan, biroq ekologik vaziyat shunchalik keskinlashganki, qarorni cho‘zish imkonsiz bo‘lib qolgan.

Pezeşkianning ta’kidlashicha, Tehronda yer sutkasiga 30 santimetrgacha cho‘kmoqda — bu yaqinlashib kelayotgan falokatning aniq belgisi. Vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan omil — yog‘ingarchilikning keskin kamayishi. Eronning Milliy ob-havo markazi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab yog‘in miqdori ko‘p yillik me’yorga nisbatan 89% ga pasaygan. Joriy kuz so‘nggi 50 yildagi eng quruq mavsumga aylangan.

Noyabr boshida Tehron ikki hafta ichida ichimlik suvisiz qolishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan edi. Hatto 15 millionga yaqin aholining evakuatsiyasi ehtimoli ko‘rib chiqilgan. Biroq prezidentning dengiz resurslari bo‘yicha vakili Ali Abdolalizade keyinchalik poytaxtni ko‘chirish masalasi kun tartibidan vaqtincha olib tashlanganini, bunga Fors ko‘rfazidan Tehronga suv olib keluvchi ming kilometrli ulkan loyiha yakunlangani sabab bo‘lganini bildirdi.

Shu bilan birga, hukumat mamlakatning eng qurg‘oqchil hududlarida sun’iy yog‘in chaqirish maqsadida bulutlarni urug‘lantirish dasturini boshlaganini ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing