Fonon xususiylashtirishga chiqarildi: boshlang‘ich narx — 316,7 mlrd so‘m

Biznes

Toshkentdagi Fonon zargarlik zavodiga egalik qiluvchi Gold Moon Tashkent kompaniyasining 100 foizlik davlat ulushi ochiq auksionga chiqarildi. Lotning boshlang‘ich qiymati 316,67 mlrd so‘m etib belgilangan, auksion 28-sentabr kuni o‘tkaziladi.

Fonon xususiylashtirishga chiqarildi: boshlang‘ich narx — 316,7 mlrd so‘m
Savdolar E-auksion platformasida narxni oshirish usulida tashkil etiladi. Ishtirok etish uchun arizalar 28-sentabr kuni soat 09:00 gacha qabul qilinadi, auksion esa soat 10:00 da boshlanadi. Lot haqidagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan e’lon qilingan.

Gold Moon Tashkent kompaniyasiga 2,56 gektar maydondagi yer uchastkasi hamda umumiy maydoni 11,37 ming kvadrat metr bo‘lgan bino va inshootlar majmuasi tegishli. Mulk Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, 50-uy manzilida joylashgan. Kompaniyaning kredit majburiyatlari sabab ko‘chmas mulk obyektlariga tijorat banki tomonidan cheklovlar qo‘yilgan.

Gold Moon Tashkent 2019-yil avgust oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyat yo‘nalishi zargarlik buyumlari ishlab chiqarishdan iborat. Lot bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning ustav kapitali qariyb 444,5 mlrd so‘mni, 2026-yil o‘rtalaridagi majburiyatlari esa 550,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Sof aktivlari manfiy bo‘lib, qariyb 107,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning moliyaviy natijalari so‘nggi yillarda o‘zgargan. Gold Moon Tashkent 2024-yilni 12,3 mlrd so‘mlik sof zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, 2025-yilda zarar 7,8 mlrd so‘mgacha qisqargan. 2026-yilning birinchi yarmida kompaniya 281,9 mlrd so‘m tushum qayd etib, 33,4 mlrd so‘m miqdorida sof foydaga chiqqan.

Davlat ulushining sotilishi xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, davlat aktivini sotib olishda to‘lovni 36 oygacha bo‘lgan muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing