Germaniyaning Yevropa tillari sertifikati tashkiloti bilan hamkorlik yo'lga qo'yiladi

Dunyo

Endilikda O'zbekistonda ham TELC sertifikatlarini olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa talabalar va mutaxassislar uchun nemis tili bilimlarini xalqaro miqyosda e'tirof etilgan til sertifikatlari bo'yicha tasdiqlash imkonini beradi. Shuningdek, TELCning nemis tili bo'yicha kurslari va imtihonlari O'zbekiston yoshlarini Germaniya, Avstriya va Shveysariya oliy o'quv yurtlarida ta'lim olishi yoki mehnat faoliyatiga tayyorlashda muhim rol o'ynaydi.

Germaniyaning Yevropa tillari sertifikati tashkiloti bilan hamkorlik yo'lga qo'yiladi
O'zbekiston elchixonasida Germaniyaning "Yevropa til sertifikatlari" (The European Language Certificates – TELC) tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o'tkazildi. Mazkur xalqaro tashkilot bilan til ta'limi va sertifikatlash sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi. Bu haqida Dunyo AA xabar bermoqda.

Unda O'zbekistondagi nemis tiliga o'rgatish o'quv markazlari bilan hamkorlik o'rnatish, TELC tajribasi va metodologiyasi asosida nemis tili kurslarini tashkil etish, shuningdek, til imtihonlarini sertifikatlash bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi.

TELCning til o'qitish metodikalari til o'rganish jarayonini zamonaviy usullar asosida samarali tashkil etishga qaratilgan va u mamlakatimizdagi til ta'limi sohasidagi talablarga to'liq mos keladi.

Bundan tashqari, TELC va Germaniya-O'zbekiston biznes hamkorligi byurosi bilan birgalikda Respublika Savdo-sanoat palatasining hududlardagi til markazlari faoliyatini sertifikatlash bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Mazkur tashabbus O'zbekistonda til ta'limi sifatini oshirish va uni xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston elchisi Dilshod Axatov TELC tashkiloti bilan hamkorlik mamlakatda chet tillarini o'qitish va xalqaro standartlardagi sertifikatlash jarayonlarini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishini, nemis tili kurslarini TELC metodologiyasi asosida tashkil etish, shuningdek, sertifikatlash sohasida hamkorlik o'rnatish til o'rganuvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta'kidladi.

Mazkur uchrashuv TELC va O'zbekiston hamkorligining boshlanishiga poydevor yaratdi. Kelajakda TELC tashkiloti bilan hamkorlik nemis tilida so'zlashuvchi mamlakatlarda ta'lim olish va ishlash istagida bo'lgan yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing