HAMAS Garovga olingan uch nafar isroillikni ozod qildi

Dunyo

G‘azo sektorida davom etayotgan asirlar almashinuvi jarayonida HAMAS uch nafar isroillikni ozod qildi. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan ushbu jarayon natijasida garovga olingan shaxslar Isroil armiyasi vakillariga topshirildi.

HAMAS Garovga olingan uch nafar isroillikni ozod qildi
Isroil armiyasining rasmiy bayonotida aytilishicha, ozod qilinganlar orasida 56 yoshli Oxad Ben Ami, 52 yoshli Eli Sharabi va 34 yoshli Or Levi bor. Ularning ozod etilishi oldindan belgilangan almashinuv kelishuvi doirasida amalga oshirilgan.

"The Times of Israel" nashrining xabariga ko‘ra, uch nafar asir Xalqaro Qizil Xoch tomonidan G‘azodagi Isroil xavfsizlik xizmati vakillariga topshirilgan. Ushbu shaxslar tez orada Isroil hududiga qaytariladi.

Or Levi 2023-yil 7-oktabr kuni Nova festivalida garovga olingan. Uning rafiqasi Eynav to‘qnashuv chog‘ida halok bo‘lgan. Eli Sharabi esa Beeri kibutsidan garovga olingan bo‘lib, uning rafiqasi va qizlari o‘ldirilgan, ukasi Yossi esa asirlikda vafot etgan. Oxad Ben Ami va uning rafiqasi Raz Ben Ami ham Beeri hududidan garovga olingan bo‘lib, Raz Ben Ami 2023-yil noyabr oyida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida ozod etilgan edi.

Ushbu almashinuv doirasida Isroil hukumati ham o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajardi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil tomoni bugungi kunda 183 nafar falastinlik mahbusni, jumladan, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 18 nafar mahbusni ozod qilishi lozim.

2025-yil 16-yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar rasmiy vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagan edi. Ushbu kelishuv 19-yanvar kuni kuchga kirdi va uning birinchi bosqichida HAMAS uch nafar asirni ozod qilgan, Isroil esa 90 nafar falastinlik mahbusni qo‘yib yuborgan edi.

25-yanvar kuni esa kelishuv doirasidagi asir almashishning ikkinchi bosqichi amalga oshirilib, G‘azoda saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayol evaziga Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik mahbus ozod etilgan.

1-fevral kuni HAMAS garovga olingan uch nafar isroillikni, Isroil esa 83 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing