IAC-2026 arafasida O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda namoyish etildi

Texnologiya

O‘zbekistonning kosmik texnologiyalardan foydalanish tajribasi hamda 2028-yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini o‘tkazishga tayyorgarlik ishlari IAC-2026 arafasida o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarda taqdim etildi. 77-Xalqaro astronavtika kongressi 5–9-oktabr kunlari Antaliyada, Belekdagi maydonda bo‘lib o‘tadi.

IAC-2026 arafasida O‘zbekiston tajribasi xalqaro maydonda namoyish etildi
Kongress arafasida BMTning Kosmik fazodan foydalanish masalalari bo‘yicha boshqarmasi (UNOOSA) va Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) tomonidan 33-UN/IAF seminari tashkil etildi. Tadbir 3–4-oktabr kunlari IAC-2026 doirasida o‘tkazilib, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun kosmik iqtisodiyot imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

“Rivojlanayotgan mamlakatlarda kosmik texnologiyalardan foydalanishning transformatsion ahamiyati” mavzusidagi panel sessiyasida Kosmik monitoring va geoinformatsion texnologiyalar markazi xodimi “Yerni masofadan zondlashning ijtimoiy-iqtisodiy qarorlar qabul qilishga ta’siri: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida taqdimot qildi.

Unda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini davlat boshqaruvida amaliy axborotga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, suv va tabiiy resurslarni monitoring qilish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, ekologik monitoring hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, IAC-2026 arafasida bo‘lajak kongresslarga tayyorgarlikka bag‘ishlangan IAC Host Summit bo‘lib o‘tdi. Unda Uzcosmos agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov ishtirok etib, O‘zbekistonning 2028-yilda Samarqandda IAC o‘tkazishga tayyorgarlik rejalari haqida taqdimot qildi. Uning ishtiroki IAF dasturida ham qayd etilgan.

Taqdimotda O‘zbekiston milliy pavilyonini tashkil etish, mamlakatning kosmik salohiyati va amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro auditoriyaga namoyish etish, shuningdek, Samarqandni IAC-2028 mezbon shahri sifatida targ‘ib qilish rejalari taqdim etildi.

Bundan tashqari, 2026–2027-yillarda Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerika mamlakatlarida qator roadshow hamda promo-tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

IAC-2028 Samarqandda 2028-yil 9–13-oktabr kunlari o‘tkaziladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing