Ilon Mask Terafab — AI, Tesla va SpaceX uchun chiplar zavodiga $16,8 mlrd sarmoya kiritadi

Biznes

SpaceX va Tesla Texas shtatida Terafab yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish majmuasini qurishga dastlab $16,8 mlrd yo‘naltiradi. Loyiha to‘liq amalga oshirilgan taqdirda, umumiy investitsiyalar hajmi $119 mlrdga yetishi mumkin.

Ilon Mask Terafab — AI, Tesla va SpaceX uchun chiplar zavodiga $16,8 mlrd sarmoya kiritadi
Majmua Texas shtatining Grimes okrugida joylashadi. Unda asosan sun’iy intellekt tizimlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy mantiqiy va xotira chiplarini ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish va qadoqlash rejalashtirilgan. Korxona Tesla va SpaceX kompaniyalarining hisoblash quvvatlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Ishlab chiqariladigan chiplar Tesla’ning Optimus robotlari, Cybercab avtonom avtomobillari va avtopilot tizimlarida qo‘llanadi. SpaceX esa yuqori unumdor protsessorlardan kosmik ma’lumot markazlari loyihalarida foydalanishni rejalashtirmoqda.

Loyiha qariyb 100 mln kvadrat fut, ya’ni 9,3 mln kvadrat metr maydonni egallaydigan vertikal integratsiyalashgan ishlab chiqarish majmuasini nazarda tutadi. Unda chiplarni ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish va qadoqlashning asosiy bosqichlari bir joyda amalga oshiriladi.

Terafab kamida 3 mingta ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Loyihada Intel ham ishtirok etmoqda — SpaceX avvalroq chip ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ilon Mask Terafab qurilishi rejasini ilk bor 2026-yil mart oyida e’lon qilgan. Loyiha bosqichma-bosqich kengaytirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, barcha rejalashtirilgan bosqichlar to‘liq amalga oshirilsa, investitsiyalar hajmi $119 mlrdga yetishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing