Jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi mexanizmlari koʻrib chiqildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni huquqbuzarliklar profilaktikasini zamon talablari asosida takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi mexanizmlari koʻrib chiqildi
Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va mahallalarda barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, hududlarda xavfsizlik infratuzilmasi kengaytirilib, 263 mingta tanib oluvchi kamera, 70 mingta zamonaviy domofon va 22 mingta tashvish tugmasi oʻrnatildi. Ijtimoiy profilaktika choralari orqali 2,1 million nafar shaxsning muammolari manzilli hal etildi.

Natijada kriminogen vaziyati eng ogʻir boʻlgan 809 ta mahallaning 701 tasi ushbu toifadan chiqarildi. Qariyb 4,4 mingta mahalla “yashil” toifada qolmoqda.

Shu bilan birga, jamiyatdagi oʻzgarishlar, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi, kiberjinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlar huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda.

Xususan, 2014-yilda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻtgan davrda 20 dan ortiq oʻzgartirish kiritilgan boʻlsa-da, uning ayrim normalari bugungi talablarga javob bermay qolgan.

Shu munosabat bilan taqdimotda mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari yangi qonun huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin chora koʻrishga asoslangan yondashuvdan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan proaktiv profilaktika modeliga oʻtishni taʼminlashi zarurligini taʼkidladi.

Bugungi kunda huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan 14 ta davlat idorasi shugʻullanayotgan boʻlsa-da, ularning vazifalari ayrim hollarda takrorlanmoqda, vakolatlari aniq chegaralanmagan. Taqdimotda profilaktika subyektlari doirasini yana 7 taga kengaytirish taklif qilindi.

Prezidentimiz bu taklifning maqsadga muvofiqligini aniq asoslash, eng avvalo, har bir idoraning vazifasi, vakolati va javobgarligini belgilash, ular oʻrtasida samarali hamkorlikni taʼminlash muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi qonun loyihasida Huquqbuzarliklar profilaktikasi komissiyasining vakolatlarini qonun darajasida belgilash nazarda tutilmoqda. Bunda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, profilaktika choralarining samaradorligini baholash va monitoring qilish mexanizmlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Qonun loyihasida ilk bor profilaktikaning yangi yoʻnalishlarini belgilash, xususan, giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyatlar, kiberjinoyatchilik, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashishda preventiv choralarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Qolaversa, ijtimoiy va viktimologik profilaktika mexanizmlarini takomillashtirish, taʼlim muassasalarini profilaktika tadbirlari bilan keng qamrab olish, jinoyatdan jabrlangan fuqarolarning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash boʻyicha yangi normalar ilgari surildi.

Bunda jinoyatdan jabrlanganlar va guvohlarning hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkiga tahdid yuzaga kelganda ularning xavfsizligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda koʻmaklashgan fuqarolarni ragʻbatlantirish koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga, huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish yuzasidan majburiy profilaktik koʻrsatma berishning huquqiy asoslarini belgilash taklif qilinmoqda.

Taqdimotda kriminogen vaziyatni baholash va huquqbuzarliklarning oldini olish choralari samaradorligini nazorat qilish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, hozirgi baholash usullari asosan statistik maʼlumotlarga tayanadi. Jinoyatchilikka taʼsir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar yetarlicha tahlil qilinmaydi, mavjud axborot tizimlari oʻzaro toʻliq integratsiyalashmagan.

Shu bois, kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, ilk bor aholining xavfsizlik hissi va yashirin jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini ham inobatga oladigan “kriminogen barqarorlik indeksi”ni shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun davlat idoralarining axborot resurslarini birlashtiradigan yagona kriminogen maʼlumotlar platformasini ishga tushirish, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida jinoyatchilik xavflarini tahlil qilish va prognozlash, kriminogen xaritalarni shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur mexanizmlar orqali hudud va mahallalardagi kriminogen vaziyat muntazam baholanib, xavf darajasiga qarab manzilli profilaktika choralari belgilanadi. Masʼul idoralar faoliyati natijadorlik koʻrsatkichlari asosida baholanadi, muammolarni hal etish yuzasidan taʼsirchan nazorat oʻrnatiladi.

Davlatimiz rahbari huquqbuzarliklar profilaktikasi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi boʻlib qolmasdan, barcha masʼul idoralar, mahalla va jamoatchilikning hamjihatlikdagi faoliyatiga asoslanishi kerakligini taʼkidladi.

Har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, fuqarolar osoyishtaligini ishonchli taʼminlash ustuvor vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.

Taqdimot yakunida mutasaddilarga qonun loyihasini bildirilgan fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish, profilaktika subyektlarining vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, raqamli tahlil va monitoring mexanizmlarini joriy etish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. Kriminogen vaziyatni baholashning yangi modelini joriy etishni nazarda tutuvchi farmon imzolandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing