Janni Infantino Toshkentdagi 90-maktabda FIFA Arena futbol maydonining ochilishida qatnashdi

Sport

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino 29–30 sentyabr kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida u poytaxtdagi 90-maktabda FIFA Arena loyihasi doirasida barpo etilgan yangi futbol maydonining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Janni Infantino Toshkentdagi 90-maktabda FIFA Arena futbol maydonining ochilishida qatnashdi
FIFA delegatsiyasini O‘zbekistonda sport vaziri Adham Ikramov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov kutib oldi.

Tashrif davomida futbolni mamlakatda yanada ommalashtirish, sport infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator muhim loyiha va obyektlar bilan tanishish rejalashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va sportning kelgusidagi taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratiladi.

90-maktabdagi yangi futbol maydonining ochilish marosimida sport vaziri, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati vakillari hamda futbol faxriylari ishtirok etdi. Ular o‘quvchilarga yangi maydondan unumli foydalanish, muntazam shug‘ullanish va kelajakda katta yutuqlarga erishish tilaklarini bildirdi.

Yangi futbol maydonining foydalanishga topshirilishi maktab o‘quvchilarini sportga kengroq jalb etish hamda ular uchun muntazam mashg‘ulotlar o‘tkazishga qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi. Loyiha futbol bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini ta’lim muassasasining o‘zida kengaytirishga qaratilgan.

Tadbir yakunida FIFA prezidenti Janni Infantino bolalarga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Shuningdek, FIFA rahbari tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda estalik uchun suratga tushdi.

Tashrif doirasida FIFA delegatsiyasi O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish bilan bog‘liq loyiha va obyektlar bilan tanishishni davom ettiradi. Mazkur tashrif futbol infratuzilmasini rivojlantirish va yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida FIFA hamda O‘zbekiston futbol sohasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida o‘tkazilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing