Javohir Sindarov FIDE’ning “Eng yaxshi shaxmatchi” mukofotining ilk sohibi bo‘ldi

Sport

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov FIDE Excellence Awards yangi mukofotining Best Chess Player nominatsiyasidagi ilk laureatiga aylandi. Mukofot unga Samarqandda 46-Jahon shaxmat olimpiadasi doirasida topshirildi.

Javohir Sindarov FIDE’ning “Eng yaxshi shaxmatchi” mukofotining ilk sohibi bo‘ldi
FIDE Excellence Awards mukofotini 2026-yilda ta’sis etdi. Ikki yilda bir marta beriladigan ushbu mukofot shaxmatchilarning Olimpiada sikli davomida erishgan natijalarini e’tirof etadi. Birinchi sikl 2024-yil sentyabridan 2026-yil avgustigacha bo‘lgan davrni qamrab oldi. 11 nominatsiyaning har birida hakamlar hay’ati o‘nta nomzodni saraladi, yakuniy g‘oliblarni esa maxsus hay’at aniqladi.

Erkaklar o‘rtasidagi “Eng yaxshi shaxmatchi” nominatsiyasida Sindarov bilan birga Nodirbek Abdusattorov, Fabiano Caruana, Magnus Carlsen, Arjun Erigaisi, Alireza Firouzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vincent Keymer va Rameshbabu Praggnanandhaa ham nomzod bo‘lgan.

G‘olibni aniqlashda klassik shaxmat, rapid va blitsdagi natijalar, reytingdagi o‘zgarishlar hamda ikki yillik davrdagi yutuqlar hisobga olindi. Sindarovning asosiy natijalaridan biri 2025-yilda Hindistonning Goa shtatida o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogidagi g‘alabasi bo‘ldi. U turnir tarixidagi eng yosh g‘olibga aylandi va Nomzodlar turniriga yo‘llanma oldi.

2026-yil bahorida Sindarov Kiprda o‘tkazilgan Nomzodlar turnirida ham g‘alaba qozondi. U musobaqa tugashiga bir tur qolganida birinchi o‘rinni kafolatladi, mag‘lubiyatsiz ishtirok etdi va 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘pladi. Ushbu g‘alaba unga amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi jahon chempionligi uchun bahs olib borish huquqini berdi.

Jahon chempionligi uchun bahs Jenevada o‘tkaziladi. FIDE dastlab musobaqa sanalarini 25-noyabrdan 15-dekabrgacha deb e’lon qilgan, biroq keyinchalik tasdiqlangan reglament bilan jadval o‘zgartirildi: asosiy partiyalar 24-noyabrdan 11-dekabrgacha, zarur bo‘lsa tay-brek esa 12-dekabrga belgilangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing