Jizzaxda AES: beton ishlari boshlandi va yangi model tanlandi

O'zbekiston

O‘zbekiston o‘z atom energetikasini rivojlantirish yo‘lida muhim bosqichga o‘tdi: Jizzax viloyatida ilk beton ishlari boshlandi, loyiha esa dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan yangi formatda amalga oshiriladi.

Jizzaxda AES: beton ishlari boshlandi va yangi model tanlandi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Rosatom AES qurilishi bo‘yicha hamkorlik “yo‘l xaritasi” hamda kelishuvni imzoladi. Hujjatlarni “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxodjayev va “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.

Loyiha yangi konfiguratsiyada amalga oshiriladi: bir maydonda ikkita yirik (VVER-1000, har biri 1 GVt) va ikkita kichik (RITM-200N, har biri 55 MVt) energoblok quriladi. Umumiy quvvat 2110 MVtni tashkil etadi.

To‘liq quvvatga chiqqach, AES yiliga 17,2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, mamlakat ehtiyojining qariyb 15 foizini qoplaydi.

Shu bilan birga, Jizzax viloyati Forish tumanida kichik AES qurilishi doirasida beton ishlari boshlandi. Dastlabki bosqichda reaktor binosi uchun 900 kub metr beton quyilishi rejalashtirilgan. Ishlar 2026-yil aprelgacha yakunlanadi.

“O‘zatom” rahbariga ko‘ra, bu bosqich mamlakat atom energetikasini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlovi ostida amalga oshirilmoqda.

“Rosatom” rahbari ta’kidlashicha, turli quvvatdagi energobloklarni bir maydonda qurish modeli dunyoda ilk bor qo‘llanmoqda va u texnologik hamda iqtisodiy ustunliklarga ega.

Loyiha doirasida kadrlar tayyorlash, ilmiy rivojlanish va zamonaviy “atom shaharchasi” barpo etish ham rejalashtirilgan. Energiya bloklarini ishga tushirish 2029–2035 yillarga mo‘ljallangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing