Kiyev Lukashenkoga Ukrainaga kirishni taqiqladi

Dunyo

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Choralar orasida mamlakatga kirish taqiqi ham bor.

Kiyev Lukashenkoga Ukrainaga kirishni taqiqladi
Vladimir Zelenskiy 2026 yil 18 fevraldagi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qarorini kuchga kiritib, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etdi.

Rasmiy hujjatga ko‘ra, sanksiyalar Lukashenkoning Ukraina hududiga kirishini taqiqlashni nazarda tutadi. Boshqa cheklov choralariga aniqlik kiritilmagan.

Minskda bu qaror tanqid qilindi. Belarus parlamenti quyi palatasining xalqaro ishlar bo‘yicha komissiyasi raisi o‘rinbosari Oleg Gaydukevich sanksiyalar Jenevada o‘tayotgan tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga qaratilgan urinish bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq ukrain nashrlari Kiyev hukumati Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan edi. Xabarlarga ko‘ra, bu masala Zelenskiyning Vilnyusga tashrifi chog‘ida Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya bilan muhokama qilingan.

Belarus prezidenti matbuot kotibi Natalya Eysmont bu xabarlarga izoh berar ekan, Minsk ukrain OAVdagi materiallarga katta ahamiyat bermayotganini bildirdi.

Lukashenko avval ham mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘maklashishga tayyorligini bir necha bor aytgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing