Kurd omili: Vashington Tehronga bosim ssenariysini ko‘rib chiqmoqda

Dunyo

Donald Tramp ma’muriyati Erondagi qurollangan kurd guruhlarini qo‘llab-quvvatlash orqali Tehronga bosimni kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CNN bir necha manbalarga tayanib xabar berdi.

Kurd omili: Vashington Tehronga bosim ssenariysini ko‘rib chiqmoqda
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) Eron kurd muxolifat kuchlarini qurollantirish variantlarini ishlab chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, ularning faollashuvi Eron xavfsizlik kuchlarini chalg‘itib, yirik shaharlardagi norozilik namoyishlarini yengillashtirishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, kurd tuzilmalari Eron harbiy resurslariga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi va chegara hududlarida vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin. Muhokama qilinayotgan g‘oyalardan biri — Eron shimolida hudud nazoratini o‘rnatib, bufer zona yaratish.

Shuningdek, 3 mart kuni Donald Tramp Eron Kurdistoni Demokratik partiyasi rahbari Mustafa Hijriy bilan muloqot qilgani aytilmoqda. Bundan tashqari, Iroq kurdlari bilan ham maslahatlashuvlar olib borilmoqda, chunki bunday ssenariy Iroq Kurdistoni hududi orqali tranzitni talab qiladi.

CNN xabariga ko‘ra, qurollangan kurd guruhlari minglab jangchilarga ega va Iroq–Eron chegarasi bo‘ylab faoliyat yuritadi. Ular ilgari Eron harbiylarini o‘z tomoniga o‘tishga chaqirgan. Bunga javoban Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ularning pozitsiyalariga zarbalar bermoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing