Markaziy Osiyo va Ozarbayjon savdo, energetika va transport bo‘yicha yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi

Iqtisodiyot

Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari 8-Maslahat uchrashuvida iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi. Kun tartibining asosiy masalalari o‘zaro savdoni kengaytirish, transport koridorlarini rivojlantirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli vositalarni qamrab oldi.

Markaziy Osiyo va Ozarbayjon savdo, energetika va transport bo‘yicha yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakati Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan birgalikda yashil energetika koridorini yaratish bo‘yicha ish olib borayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ozarbayjon Markaziy Osiyodan xalqaro bozorlarga energiya resurslarini tranzit qilishda muhim rol o‘ynamoqda. O‘tgan yili Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 50 foizdan ko‘proqqa oshgan, mamlakatda mintaqa kapitali ishtirokidagi 400 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan qo‘shma investitsiya fondlari ham tashkil etilgan.

Aliyev transport sohasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U Kaspiy orqali yuk tashish hajmi ortib borayotganini ta’kidlab, dengizning ikki sohilidagi infratuzilma Markaziy Osiyoni Ozarbayjon va xalqaro bozorlarga bog‘lashda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini hozirgi 13 milliard dollardan 20 milliard dollargacha oshirishni taklif qildi. Buning uchun hukumatlarga qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, savdo-logistika majmualari, sanoat kooperatsiyasi va transport aloqalarini rivojlantirish vazifasini yuklashni taklif etdi. Shuningdek, O‘rta koridorni TRIPP tashabbusi bilan integratsiya qilish masalasini muhokama qilishni taklif qildi.

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning yagona elektron savdo maydonchasini yaratishni taklif qildi. Shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining ahamiyatini oshirish va «bir sayohat — bir nechta mamlakat» tamoyili asosida umumiy turizm makonini yaratish tashabbuslarini ilgari surdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oddiy o‘zaro savdodan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tishni «olti iqtisodiyot — bitta mahsulot» formulasi orqali taklif qildi. Shuningdek, 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini o‘tkazish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qo‘llab-quvvatlash platformasini yaratishni taklif etdi. U transport koridorlari, energetika, suv tejovchi texnologiyalar, sun’iy intellekt va muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni ham ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing