Buxoro viloyatini rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Buxoro viloyatini rivojlantirish boʻyicha yangi tashabbuslar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi
– Buxoro iqtisodiyotiga, odamlarning kundalik hayotiga ijobiy oʻzgarishlar olib kiradigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan kelganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Yigʻilishda ushbu tashabbuslar samarasi, avvalo, aholi uchun zarur infratuzilma va daromad manbalarida koʻrinishi lozimligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini rivojlantirish, yoʻllarni yangilash, sanoat va xizmat koʻrsatishda yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi.

Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida suv va kanalizatsiya taʼminotini yaxshilash boʻyicha 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichiga yana 248 million dollar jalb etiladi. Natijada 1,7 million aholining suv taʼminoti yaxshilanadi, 775 ming kishi kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov hozirgi 80 foizdan 95 foizga yetkaziladi.

Prezidentimiz, ayniqsa, suvni kutayotgan 55 ta mahalla boʻyicha aniq muddatlarni belgilash va ishlarni tezlashtirishni topshirdi.

Viloyatning transport aloqalarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar ham muhokama qilindi. Joriy yilda hudduddan oʻtuvchi A-380 avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish yakunlanadi. Kelasi yil M-37 yoʻlining viloyat hududidagi 69 kilometrini yangilash boshlanib, loyiha doirasida Buxoro shahri atrofida 4,5 kilometrli aylanma yoʻl quriladi.

Samarqand – Buxoro yoʻnalishida sement-beton qoplamali pulli avtomobil yoʻli va tezyurar poyezd uchun yangi temir yoʻl liniyasini barpo etish rejalashtirilgan. Yangi avtomobil yoʻli safar vaqtini hozirgi besh soatdan bir yarim soatgacha qisqartirishi kutilmoqda. Masʼullarga har ikki loyihaning master-rejasini yakunlash va hamkorlar bilan muzokaralarni boshlash topshirildi.

Buxoroda 300 million dollarlik yangi xalqaro aeroport qurilmoqda. U bir vaqtning oʻzida 20 ta samolyot va 1 ming 200 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniga ega boʻladi. Aeroport shahar markazi bilan 24 kilometrli avtomobil yoʻli orqali bogʻlanadi, avtobuslar uchun 5,5 kilometrli BRT yoʻlagi barpo etiladi. Buxoroga Turkiyaning “Pegasus” aviakompaniyasi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻymoqda. Kelasi yil Malayziya, Indoneziya, Kuvayt, Misr va Bahrayn bilan ham aviaqatnovlarni boshlash belgilandi.

Yigʻilishda yangi yoʻllar va aeroport bilan birga viloyat ichida harakatlanish qulayligini oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Joriy yilda yoʻllar holatini yaxshilash uchun 900 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa-da, 2 ming kilometr ichki yoʻl va 266 ta koʻprik taʼmirtalab. Ularni yangilash va ekspluatatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, asosiy sayyohlik yoʻnalishlarini bogʻlaydigan muqobil pulli yoʻllar qurish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.

Jamoat transporti yetarlicha rivojlanmagani sabab aholining 80 foizi kundalik qatnovlarda yengil avtomobildan foydalanmoqda. Shu bois, viloyatga qoʻshimcha 120 ta avtobus keltirish jadallashtiriladi. Aeroport va temir yoʻl vokzallari atrofida xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, koʻkalamzorlashtirishda esa Buxoroning iqlimi va tarixiy qiyofasiga mos yagona yondashuvni qoʻllash vazifalari belgilandi.

Turizm viloyat iqtisodiyotini oʻstirishning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Joriy yilda Buxoroga 3,5 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda. Mazkur koʻrsatkichni ikki baravar oshirish, ularning viloyatda qolish muddatini uzaytirish va turizm mavsumini yilning boshqa oylariga ham kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualar yagona turizm konsepsiyasi asosida bogʻlanadi. Gulchorbogʻ mahallasida 50 gektar maydonda turizm markazi, Jalol Ikromiy mahallasida xalqaro tadbirlarga moʻljallangan kongress-xoll hamda “Hilton” va “Holiday Inn” brendlari ostida mehmonxonalar qurilmoqda. Shaharning sakkizta markaziy koʻchasi yangilanib, oltita xiyobon barpo etiladi. Buxoro tumanida esa 1 ming gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz yangi obyektlar bilan birga xizmatlar mazmunini ham boyitish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Buxoroda turizm mavsumi toʻrt oydan olti oyga uzaygan, kelasi yil esa 30 ga yaqin xalqaro tadbir oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Biroq viloyatda besh yulduzli mehmonxona yoʻq, yirik savdo va koʻngilochar maskanlar yetarli emas, mavjud xizmatlarning asosiy qismi Buxoro shahrida jamlangan.

Masʼullarga xorijlik sayyohlar sonini 7 millionga yetkazish boʻyicha oyma-oy reja tayyorlash topshirildi. Unda yangi turpaketlar, tadbirlar, tumanlarda ochiladigan obyektlar va sayyohlar jalb qilinadigan bozorlar aniq koʻrsatilishi lozim.

Yigʻilishda viloyat iqtisodiyoti bu yil ilk bor 100 trillion soʻmlik marradan oshishi, oʻsish 10,1 foizni tashkil etishi ta’kidlandi.

Soʻrovda buxoroliklarning 98 foizi hayot sifati yaxshilanganini bildirgan, tadbirkorlarning 83 foizi esa kelgusi uch yilga ijobiy kutilma bilan qaramoqda. Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsish tabiiy resurslar sanoati va qishloq xoʻjaligiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Ularning iqtisodiyotdagi ulushi 43 foiz, xizmatlar sohasining ulushi esa oʻn yilda atigi 33 foizdan 36 foizga oshgan.

Prezidentimiz iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va har bir tumanning oʻsish nuqtalarini aniqlashni talab qildi. Sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligidagi koʻrsatkichlarni 1,5 baravar oshirish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqiladi.

Sanoat sohasida Buxoroning xomashyo, energiya resurslari va tadbirkorlik salohiyatini birlashtirib, uch yilda 28 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi. Shundan 17 milliard dollari neft-gaz va kimyo sanoatiga toʻgʻri keladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini oshirishga nufuzli texnologik kompaniyalarni jalb etish, Kogon tumanida esa neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Energetikada qisqa muddat ichida qariyb 2 ming megavatt quvvatli elektr stansiyalari ishga tushirilgan. Kelgusi uch yilda yana 3,1 ming megavattli shamol elektr stansiyalari va 1 ming megavattli energiya saqlash tizimlari quriladi. Yangi quvvatlar bilan bir vaqtda uzatish va taqsimlash infratuzilmasini rivojlantirish, viloyatda 745 kilometr elektr tarmogʻini barpo etish rejalashtirilgan.

Yengil sanoatda xalqaro brendlar bilan hamkorlik tajribasidan foydalanib, Buxoroda ishlab chiqariladigan toʻqimachilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga kengroq olib chiqish vazifasi belgilandi. Kelasi yil sohada kamida 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish va eksportni ikki baravar oshirish koʻzda tutilgan.

Ijtimoiy sohadagi ishlar koʻrib chiqilar ekan, xususiy bogʻcha va maktablarni koʻpaytirish, maktab bitiruvchilarining 50 foizini texnikumlarga jalb etish, texnikumlarni yirik tadbirkorlar va investorlar bilan bogʻlash masalalari muhokama qilindi. Viloyatdagi oʻnta davlat va xususiy oliy taʼlim muassasasida dual taʼlim qamrovini ikki baravar oshirish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda 29 ta shifoxona va poliklinikani yangilash ishlari amalga oshirildi. Mamlakatimiz yetakchisi tibbiy xizmat sifatini, ayniqsa, birlamchi boʻgʻin faoliyatini yaxshilash, sohaga investitsiya jalb etish va xorijda tajriba orttirgan vatandoshlar imkoniyatidan foydalanish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari hamda kelgusi yilga moʻljallangan rejalari tinglandi.
Prezidentimiz o‘z hududini kompleks rivojlantirishda Olot tumani hokimi Nargiza Nematova alohida jonbozlik ko‘rsatayotganini e’tirof etib, davlat va boshqaruv idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi farovonligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari uchun uni "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlashga qaror qilganini e’lon qildi.

Shuning bilan Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing