NATO 3.0: Yevropa mudofaani ko‘proq o‘z zimmasiga oladi

Dunyo

Ittifoq mudofaa vazirlari AQSh ustuvor yo‘nalishlarini o‘zgartirayotgan bir paytda NATOni yanada “yevropalashtirish” masalasini muhokama qildi.

NATO 3.0: Yevropa mudofaani ko‘proq o‘z zimmasiga oladi
Bryusselda o‘tgan NATO mudofaa vazirlari uchrashuvida ittifoqning yanada yevropalik modelga o‘tishi masalasi ko‘rib chiqildi. AQSh vakillariga ko‘ra, shartli ravishda “NATO 3.0” deb atalgan yangi yondashuv Yevropa davlatlari qit’a mudofaasi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini nazarda tutadi.

AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbrij Kolbi Yevropa ittifoqchilari harbiy imkoniyatlar va mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington e’tiborini G‘arbiy yarimshar va Hind-Tinch okeani mintaqasiga qaratmoqchi, bu esa resurslarni qayta taqsimlashni talab qiladi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte uchrashuvni eng muhimlaridan biri deb atab, ittifoqchilar fikrida “haqiqiy burilish” kuzatilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda mudofaa xarajatlari sezilarli oshgan, ayrim davlatlar esa YAIMning 3,5 foizini mudofaaga ajratish bo‘yicha maqsaddan ancha oldin natijaga erishgan.

Muhokamalar AQSh prezidenti Donald Trampning NATO majburiyatlari haqidagi bahsli bayonotlari fonida o‘tmoqda. U ayrim hollarda mudofaa xarajatlari talabiga amal qilmagan ittifoqchilarga yordam berilmasligi mumkinligini aytgan edi.

Yevropa davlatlari buni o‘z mudofaasini kuchaytirish zarurati sifatida baholamoqda. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Yevropa mamlakatlari xavfsizlik uchun ko‘proq mas’uliyat olishi kerakligini ta’kidladi.

AQSh allaqachon ayrim o‘zgarishlarni boshlagan: masalan, Ruminiyadagi rotatsion brigadani almashtirmaslikka qaror qilingan. Shu bilan birga, Yevropa ittifoqchilari NATO qo‘mondonlik tuzilmasida ko‘proq rahbarlik lavozimlarini oldi.

Biroq, NATO bosh kotibi so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi birlashgan kuchlar oliy qo‘mondoni lavozimi amerikalik harbiy qo‘mondon qo‘lida qoladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing