Nepaldagi suv toshqinining oqibatlari kosmosdan ko‘rsatildi

Dunyo

“Roskosmos” Nepaldagi Trisuli daryosining 9-iyul va 28-avgust kunlari — vayronkor suv toshqinidan oldin va keyin olingan sun’iy yo‘ldosh suratlarini e’lon qildi. Taxminan 500 kilometr balandlikdan olingan tasvirlarda daryoning o‘zanidan chiqib, unga tutash hududlarni suv bosgani ko‘rinadi.

Nepaldagi suv toshqinining oqibatlari kosmosdan ko‘rsatildi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlar soni 1252 kishiga yetgan, yana 4875 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda. Bedarak yo‘qolganlar orasida 12 nafar rossiyalik ham bor.

Falokat 26-avgust kuni muzlik qulab, Lhende-Khola daryosi o‘zanini vaqtincha to‘sib qo‘yganidan so‘ng boshlangan. Hosil bo‘lgan to‘siq yorilgach, quyi oqim bo‘ylab suv, loy, tosh va muzdan iborat kuchli oqim yo‘nalib, mamlakat shimolida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.

Tabiiy ofat oqibatlari Nepalda favqulodda vaziyatlar haqida erta ogohlantirish tizimi bilan bog‘liq muammolarni ham ko‘rsatdi. The Kathmandu Post ma’lumotlariga ko‘ra, tog‘larda qor ko‘chkisi xavfi haqidagi ogohlantirish ofatdan qariyb 40 daqiqa o‘tib berilgan. Mutaxassislar yagona erta ogohlantirish tizimi mavjud emasligi sababli bunday hodisani real vaqt rejimida aniq prognoz qilish imkoniyati juda cheklanganini qayd etdi.

Falokatdan so‘ng Nepal Xitoy bilan chegaradagi monitoring tizimini kuchaytirishga qaror qildi. Tizimni seysmik datchiklar, kameralar va sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan jihozlash rejalashtirilmoqda. NDRRMA rahbari Dharma Raj Upreti yangi monitoring stansiyalari va kameralar daryolardagi suv oqimini real vaqt rejimida kuzatish hamda tabiiy ofatlar yuz berganda aholiga SMS-ogohlantirishlar yuborish imkonini berishini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing