O‘zbekiston 2026-yilda solo sayohatlar uchun eng yaxshi beshta yo‘nalish qatoridan joy oldi

O'zbekiston

O‘zbekiston xalqaro turizm platformasi Much Better Adventures tomonidan tuzilgan Solo Travel Index 2026 reytingida beshinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat Qirg‘iziston, Italiya, Yaponiya va Portugaliya bilan birga kuchli beshlikdan joy oldi.

O‘zbekiston 2026-yilda solo sayohatlar uchun eng yaxshi beshta yo‘nalish qatoridan joy oldi
Reytingni tuzishda Much Better Adventures ekspertlari xavfsizlik ko‘rsatkichlari, ovqatlanish xarajatlari, AQSh va Buyuk Britaniya fuqarolari uchun kirish shartlari, biologik xilma-xillik, piyoda sayohat yo‘nalishlarining rivojlanganligi, sayohatchilar fikrlari hamda solo-turlarni bron qilish dinamikasini hisobga olgan. Platforma metodologiyasida solo sayohat kichik guruhlar tarkibida mustaqil sayohat qilish shakli sifatida izohlangan.

Ekspertlar O‘zbekistonning AQSh fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganini ham alohida qayd etgan. Much Better Adventures bahosiga ko‘ra, bu mamlakatga Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi sifatida qiziqishning ortishiga xizmat qilmoqda. Platforma O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, xilma-xil tabiati, turizm infratuzilmasi va piyoda sayohatlar uchun imkoniyatlarini mamlakatning asosiy ustunliklari qatorida ko‘rsatgan.

Nurota tog‘laridagi yo‘nalishlar alohida tavsiya etilgan. Sayohatchilar qadimiy so‘qmoqlar orqali qishloqdan qishloqqa o‘tishi, mahalliy aholining turmush tarzi bilan tanishishi va an’anaviy o‘tovlarda tunashi mumkin. Qizilqum orqali Oydarko‘l tomon yo‘nalish ham tavsiya etilgan marshrutlar qatoridan o‘rin olgan.

Samarqanddagi Registon maydoni va Buxoro kabi tarixiy shaharlar O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lidagi tarixiy mavqeini aks ettiruvchi asosiy manzillar sifatida qayd etilgan. Platforma mamlakatni sayohat xarajatlari nuqtayi nazaridan ham nisbatan qulay yo‘nalish sifatida baholagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing