O‘zbekiston armiyasida kibersport, dron va robototexnika bo‘yicha musobaqalar yo‘lga qo‘yiladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida kibersport, dronlarni boshqarish va robototexnika bo‘yicha yangi musobaqalar tashkil etiladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston armiyasida kibersport, dron va robototexnika bo‘yicha musobaqalar yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida kibersport, dron texnologiyalari va robototexnika sohasidagi sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (2026-yil 3-mart, PQ-75) qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, harbiy xizmatchilar o‘rtasida zamonaviy texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam musobaqalar tashkil etiladi. Musobaqalar quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:

kibersport;

dron texnologiyalari;

robototexnika.

Musobaqalar uch bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich — har yili avgust oyida vazirlik va idoralarda o‘tkaziladigan «Harbiy qism (muassasa) qo‘mondoni kubogi».

Ikkinchi bosqich — har yili oktyabr oyida o‘tkaziladigan «Harbiy okrug qo‘mondoni kubogi».

Yakuniy bosqich — dekabr oyida o‘tkaziladigan «Mudofaa vaziri kubogi» bo‘lib, unda eng kuchli jamoalar aniqlanadi.

Qarorga muvofiq, g‘olib jamoalar a’zolari pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi:

birinchi bosqich g‘oliblariga — 10 mln so‘mdan;

ikkinchi bosqich g‘oliblariga — 30 mln so‘mdan;

uchinchi bosqich g‘oliblariga — 50 mln so‘mdan.

Bundan tashqari, jamoalarga tegishli kuboklar topshiriladi.

Musobaqalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Mudofaa vazirligi belgilandi. Shuningdek, musobaqalarda qatnashgan harbiy xizmatchilarni hisobga olish uchun yagona elektron reyestr joriy etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing