O'zbekiston elchisi Qatar Amiriga ishonch yorliqlarini topshirdi

Siyosat

O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ashraf Xodjayev 18-mart kuni Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar bermoqda.

O'zbekiston elchisi Qatar Amiriga ishonch yorliqlarini topshirdi
Marosim Doxadagi Lusail saroyida bo'lib o'tdi. Faxriy qorovul safini aylanib o'tgach, elchining Qatar rahbari bilan muloqoti bo'lib o'tdi. Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O'zbekiston Prezidentiga samimiy salom va ezgu tilaklarini yo'lladi. Qatar yetakchisi o'tgan yilning iyun oyida O'zbekistonga birinchi tashrifini, tarixiy Samarqand shahrini ziyorat qilganini iliq esga oldi.

Amir Qatar va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganini alohida ta'kidladi. Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o'zaro hamkorlikni yanada faollashtirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Suhbat yakunida Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy O'zbekiston elchisiga mamlakatlarimiz xalqlari farovonligi yo'lida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muvaffaqiyat tiladi.

Eslatib o'tamiz, Ashraf Xodjayev shu yilning 11-fevral kuni O'zbekistonning Qatardagi birinchi elchisi sifatida Doxaga tashrif buyurdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing