O‘zbekiston ilk bor aeronavigatsiya sohasidagi ikkita xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda

Biznes

O‘zbekiston ilk bor fuqaro aviatsiyasi va aeronavigatsiya sohasidagi ikkita yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. 8-sentabr kuni SOCEAning 3-yillik umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, 9-sentabr kuni esa Toshkentda CANSO Eurasia ANSP’s Summit o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston ilk bor aeronavigatsiya sohasidagi ikkita xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda
SOCEA AGM/3 Yevropa va Osiyo aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari hamda xalqaro aviatsiya tashkilotlari vakillarini bir maydonga jamladi. Yig‘ilishda SOCEA faoliyati natijalari, parvozlar xavfsizligi masalalari, provayderlar o‘rtasidagi hamkorlik va platformani rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari muhokama qilindi.

SOCEA Yevropa va Osiyo uchun aeronavigatsiyani muvofiqlashtirish bo‘yicha mintaqaviy platforma hisoblanadi. U havo harakatini boshqarish va aeronavigatsiya xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda axborot va bilim almashish maqsadida tashkil etilgan.

9-sentabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida CANSO Eurasia ANSP’s Summit ish boshladi. Unda Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Vengriya aeronavigatsiya provayderlari rahbarlari, shuningdek, ICAO, CANSO va EUROCONTROL kabi yetakchi xalqaro aviatsiya tashkilotlarining yuqori martabali vakillari ishtirok etmoqda.

Sammit kun tartibidan havo harakatini boshqarish (ATM), aloqa, navigatsiya va kuzatuv tizimlarini (CNS) rivojlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish, Green ATM hamda havo harakati oqimlarini boshqarish (ATFM) masalalari o‘rin olgan.

Shuningdek, havo hududidan samarali foydalanish va aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari o‘rtasidagi transchegaraviy muvofiqlashtirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda. Toshkentdagi ikki tadbir Yevropa va Osiyo mamlakatlari vakillarini aeronavigatsiyani rivojlantirish, parvozlar xavfsizligi va soha tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun birlashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing