O‘zbekiston iqlim tajribasini boshlaydi

Texnologiya

O‘zbekistonda mart oyidan boshlab sun’iy yomg‘ir chaqirish bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqiladi. Mutaxassislar yog‘ingarchilik hajmini 10–20% ga oshirishni prognoz qilmoqda, shu bilan birga suv xo‘jaligini keng ko‘lamda modernizatsiya qilish ishlari jadallashadi.

O‘zbekiston iqlim tajribasini boshlaydi
Shavkat Mirziyoyevning 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq, mamlakatda sun’iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasi bo‘yicha pilot loyiha ishlab chiqiladi. Loyiha Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasiga asoslanadi.

Prognozlarga ko‘ra, texnologiya qo‘llanilganda yog‘ingarchilik miqdori tabiiy ko‘rsatkichlarga nisbatan 10–20% ga oshishi mumkin. Ishlar 1 martdan boshlanadi. Mas’ul etib Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi belgilangan.

Shu bilan birga, suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshiriladi. Uch yil davomida 10 ming kilometr ochiq drenaj tarmoqlari yopiq tizimga o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda 3000 kilometr drenaj va kollektor tarmoqlari Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida modernizatsiya qilinadi.

Ayrim irrigatsiya kanallari tajriba tariqasida bosimli quvurlarga o‘tkaziladi. 2026-yil oxirigacha Qashqadaryo viloyatida kamida 54,1 kilometr tarmoq to‘liq yopiq tizimga, shisha tolali quvurlar asosida o‘tkaziladi.

Suvni tejovchi texnologiyalar 504 ming gektar maydonda joriy etilib, yiliga 5 mlrd kub metr suvni tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, 1300 kilometr kanal va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish orqali yiliga 500 mln kub metr suv iqtisod qilinadi.

Tomchilatib sug‘orish 75,4 ming gektarda, yomg‘irlatib sug‘orish 97 ming gektarda, diskret sug‘orish 26,2 ming gektarda joriy etiladi. 203 ming gektarda yerlarni lazer tekislash ishlari amalga oshiriladi.

2028-yilgacha mamlakatdagi sug‘oriladigan yerlarning 80 foizida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. Bu yiliga 3,5 mlrd kub metr suvni tejash imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov avvalroq 2026-yil oxirigacha qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga 744 mln dollar xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing