O’zbekiston markaziy banki firibgarlardan ogoh bo’lishga chorladi

Iqtisodiyot

Hozirgi kunda firibgarlarning internet tarmog‘idan soxta telefon raqamlari orqali bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasini fuqarolarga jo‘natib, kredit taklif etish va ularning mablag‘larini o‘zlashtirishga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda. Bu haqda O’zbekiston markaziy bankining matbuot xizmati xabar berdi.

O’zbekiston markaziy banki firibgarlardan ogoh bo’lishga chorladi
“O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan banklardan ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar orqali kredit rasmiylashtirishning imkoniyati mavjud emasligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Firibgarlar tomonidan Markaziy bankning litsenziya blankasini soxtalashtirish orqali sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli noqonuniy harakatlardan himoyalanish maqsadida Markaziy bank fuqarolarni shubhali xizmatlardan foydalanmaslikka, hujjatlar bilan ishlashda e’tiborliroq bo‘lishga chaqirdi.

“Shu bilan birga, Markaziy bankning rasmiy blankasida chop etilgan litsenziyalar taqdim etilgan holatlarda undagi ma’lumotlarni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida mavjud bo‘lgan litsenziyalangan va ro‘yxatga olingan tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan solishtirib ko‘rish tavsiya etiladi”, — deya qo'shimcha qildi matbuot xizmati.

Shuningdek, markaziy bank bu fuqarolarning kelgusida moliyaviy bozordagi xizmatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli tushunmovchilik va nizoli holatlarning oldini olishini ta’kidlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing