O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun Rossiya va Qozog‘iston bilan pensiya bitimlarini tayyorlamoqda

O'zbekiston

O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va fuqarolari ko‘p ishlaydigan boshqa davlatlar bilan mehnat migrantlarining ish stajini hisobga olish va pensiya to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Taklif etilayotgan mexanizmga ko‘ra, har bir davlat fuqaroning o‘z hududida rasman ishlagan davri uchun pensiya to‘laydi.

O‘zbekiston mehnat migrantlari uchun Rossiya va Qozog‘iston bilan pensiya bitimlarini tayyorlamoqda
Bu haqda 25 sentyabr kuni pensiya islohoti loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktorining o‘rinbosari Nuriddin Shodixo‘jayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘iziston va Ozarbayjon bilan shu kabi bitimlarni allaqachon imzolagan. Ular bir necha mamlakatda rasman ishlagan fuqaroning har bir davlat hududida orttirgan mehnat stajiga mos ravishda pensiya olishini nazarda tutadi. Masalan, fuqaro Ozarbayjonda 10 yil, O‘zbekistonda esa besh yil rasman ishlagan bo‘lsa, Ozarbayjon o‘z hududidagi 10 yillik staj uchun, O‘zbekiston esa mamlakatdagi besh yillik ish davri uchun pensiya to‘laydi.

«Fuqarolar qaysi davlatda ishlagan bo‘lsa, agar ular rasman ishlagan bo‘lsa, shu davlat tegishli pensiyani to‘laydi, biz ham o‘zimizdagi davr uchun to‘laymiz», — dedi Shodixo‘jayev.

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari ko‘p mehnat qilayotgan boshqa davlatlar bilan ham xuddi shunday mexanizm bo‘yicha ish olib borilmoqda. Maqsad — xorijda rasman orttirilgan ish stajini tegishli davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar asosida hisobga olish va pensiya majburiyatlarini ishlangan davrlarga muvofiq taqsimlash.

Bundan tashqari, xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari Pensiya jamg‘armasiga ixtiyoriy ravishda badal to‘lashlari mumkin. Mamlakatga qaytgach, ular avvalgi ish davrlarini pensiya stajiga kiritish uchun uch yil davomida har bir yil uchun bir bazaviy hisoblash miqdori — 440 ming so‘m miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin.

Shu tariqa, mehnat migrantlarining pensiya huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ikki yo‘nalish shakllanmoqda: ixtiyoriy badallar orqali stajni to‘ldirish hamda turli mamlakatlarda rasman ishlangan davrlarni hisobga olish imkonini beruvchi xalqaro bitimlar tuzish.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing