O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori kapitallashuvi $25 mlrd.dan oshdi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori kapitallashuvi so‘nggi ikki yilda uch baravardan ko‘proq oshib, $25 mlrddan yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda 17 sentyabr kuni Milliy investitsiya institutlari assotsiatsiyasi (NAII) raisi Anvar Irchayev Cbonds kompaniyasining VIII xalqaro «O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori» konferensiyasida ma’lum qildi.

O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozori kapitallashuvi $25 mlrd.dan oshdi
Irchayevning so‘zlariga ko‘ra, bozor yangi qonunchilik bazasi, O‘zbekiston emitentlarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishi va xorijiy investorlar qiziqishining ortishi hisobiga «keng ko‘lamli transformatsiya» jarayonini boshdan kechirmoqda.

«Natija o‘z-o‘zidan gapirmoqda. Qimmatli qog‘ozlar bozori kapitallashuvi so‘nggi 2 yil ichida uch baravardan ko‘proq oshdi va bizning kamtarona hisob-kitoblarimizga ko‘ra, $25 mlrddan ortiqni tashkil etmoqda. Birjadan tashqari bozor aylanmasi esa shu bir necha yil ichida 40 baravardan ko‘proq oshdi», — dedi NAII rahbari.

Konferensiyada «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririga ham alohida e’tibor qaratildi. Hujjatdagi boblar soni to‘qqiztadan 16 taga oshirilgan bo‘lib, Irchayevning ta’kidlashicha, u bozor ishtirokchilari va investorlar oldida to‘planib qolgan masalalarni tartibga solishga qaratilgan. Shu bilan birga, moliyaviy vositalar qatori kengaymoqda: islomiy qimmatli qog‘ozlar va valyutadagi obligatsiyalar joriy etilmoqda. Xorijiy nominal egalarning bozorga kirishi ham soddalashtirilmoqda.

NAII raisi yangi kapital oqimi davlat kompaniyalari, xususiy korporatsiyalar va professional hamjamiyat rivojiga xizmat qilishi mumkinligini qayd etdi. Uning aytishicha, o‘zbek brokerlari uzoq vaqt davomida cheklangan resurslar va xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlariga ega bo‘lgan.

Soha vakillarining yaqinda Gonkongga tashrifi, shuningdek, London va Frankfurtga rejalashtirilgan safarlar xorijiy yirik ishtirokchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ishonchni oshirish va kapital jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

«Biz assotsiatsiyamiz ishtirokchilari ko‘proq daromad topishini istaymiz, toki ular IT infratuzilmasiga, tahlilga, kadrlarga va xodimlarni rivojlantirishga sarmoya kirita olsin», — dedi Irchayev.

NAII, shuningdek, professional ishtirokchilar, banklar va emitentlarni birlashtirish hamda yagona standart va ish usullarini joriy etishga ko‘maklashmoqda. Assotsiatsiya rahbariga ko‘ra, professional hamjamiyatni rivojlantirish bozorning davlat, emitentlar va xorijiy investorlar bilan hamkorligini kuchaytirishga yordam beradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing