O‘zbekiston Qo‘shilmaslik Harakatidagi bo‘lajak raisligi ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi

Dunyo

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shilmaslik Harakatining 65 yilligiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xotira uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir 31-avgust — 1-sentabr kunlari Belgradda bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Qo‘shilmaslik Harakatidagi bo‘lajak raisligi ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi
Uchrashuvda 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning yuqori martabali vakillari, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari, parlament spikerlari, bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida Qo‘shilmaslik Harakatining bugungi kundagi ahamiyatini ta’kidlab, mamlakatning 2027–2030-yillarda Harakatga raislik qilishga tayyorgarligi haqida ma’lumot berdi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro minbarlarda ilgari surilgan tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi masalalaridagi hamkorlik va yoshlar bilan ishlashga oid tashabbuslar qayd etildi.

Uchrashuv ochilishida Serbiya Prezidenti Belgradning tarixiy ahamiyatini ta’kidladi. Aynan shu shaharda 1961-yilda Qo‘shilmaslik Harakatining birinchi konferensiyasi o‘tkazilgan. Uning qayd etishicha, Harakatning asosiy tamoyillari bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda.

Tadbir doirasida Aleksandar Vuchich O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar prezidentlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan faol muloqot asosida jadal rivojlanayotganini ta’kidladilar. Parlamentlararo muloqotni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiyalar va savdo sohalaridagi hamkorlik hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Serbiya Xalq Skupshinasi Spikerining o‘rinbosari Marina Ragush va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing