O‘zbekiston Superligasi 2028/29 mavsumidan “kuz-bahor” tizimiga o‘tishi mumkin

Sport

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superligani 2028/29 mavsumidan “kuz-bahor” tizimiga o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda. Taqvimni o‘zgartirish bo‘yicha ishchi reja Umumiy yig‘ilish ishtirokchilariga taqdim etilgan.

O‘zbekiston Superligasi 2028/29 mavsumidan “kuz-bahor” tizimiga o‘tishi mumkin
Loyihaga ko‘ra, mavsum avgust oyida boshlanib, keyingi yil may oyida yakunlanadi. Dastlabki rejaga muvofiq, O‘zbekiston Kubogi 2028-yil 1-martdan 31-maygacha o‘tkaziladi. Yozgi transfer oynasi 1-iyuldan 9-sentabrgacha davom etadi. Superliganing birinchi davrasi esa 18-avgustdan 24-dekabrgacha bo‘lib o‘tadi.

Qishki transfer oynasi 2029-yil 2-yanvardan 13-fevralgacha davom etishi taklif qilinmoqda. Chempionatning ikkinchi davrasi 23-fevraldan 31-maygacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu tariqa, mavsumning bir qismi bir kalendar yilida, qolgan qismi esa keyingi yilda o‘tkaziladi.

1992-yilda tashkil etilgan va avval Oliy liga deb atalgan O‘zbekiston chempionati shu paytgacha “bahor-kuz” tizimida o‘tkazib kelinmoqda. Agar yangi loyiha tasdiqlansa, 2028/29 mavsumi mamlakat chempionati tarixidagi ilk “kuz-bahor” mavsumiga aylanadi.

PFL hozircha taqvimni o‘zgartirishning rasmiy sabablarini ma’lum qilmagan. Taqdim etilgan loyiha Osiyo futbol konfederatsiyasining klub musobaqalari taqvimi bilan uyg‘unlashish masalasini ham ko‘zda tutadi. OFK klub musobaqalarini “kuz-bahor” tizimiga o‘tkazgan, 2024/25 mavsumidan esa uch bosqichli format — Chempionlar ligasi Elite, Chempionlar ligasi 2 va Challenge League amal qilmoqda.

Manbaga ko‘ra, turli taqvimlar O‘zbekiston chempionati yakunlanishi bilan Osiyo klub musobaqalaridagi ishtirok o‘rtasida uzoq tanaffus yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin. Bunga 2025-yil noyabrida mamlakat chempioni bo‘lgan “Neftchi” misol qilib keltirilgan. Klub OFK Chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini 2026-yil 14-sentabr kuni o‘tkazgan.

Superliga taqvimini o‘zgartirish bo‘yicha yakuniy qaror hozircha qabul qilinmagan. PFL qaror klublar, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, futbol jamoatchiligi vakillari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda qabul qilinishini bildirgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing