O‘zbekiston Superligasining 11 klubi tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi

Sport

O‘zbekistonda 11 ta professional futbol klubini tadbirkorlar yoki tadbirkorlar guruhiga ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Tanlov ishtirokchilari klubning yillik xarajatlarining kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘larini kiritishi kerak.

O‘zbekiston Superligasining 11 klubi tadbirkorlarga ishonchli boshqaruvga beriladi
Ro‘yxatga «Bunyodkor», «Buxoro», «Dinamo», «Qizilqum», «Navbahor», «Nasaf», «Neftchi», «Lokomotiv», «Mash’al», OKMK va «Paxtakor» klublari kiritilgan. Tanlov 2026-yil 24-martdagi sportni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga biznesni keng jalb etish bo‘yicha prezident qarori asosida o‘tkaziladi.

Tadbirkorlar uchun soliq va moliyaviy imtiyozlar nazarda tutilgan. Foyda solig‘ini hisoblashda klubga yo‘naltirilgan homiylik mablag‘lari miqdoriga soliq solinadigan foydani kamaytirish mumkin, biroq bu chegirma soliq solinadigan foydaning 10 foizidan oshmaydi. Superliga va Proliga futbolchilari 2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelgacha daromad solig‘idan ozod qilinadi, ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Likvid garov va istiqbolli biznes-reja taqdim etilganda klubni sotib olish yoki sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun besh yilgacha, yillik 14 foiz stavkada kredit olish mumkin. Imtiyozli davr bir yilni tashkil etadi.

Shuningdek, tadbirkorlarning mahsulot va xizmatlarini MTRK tizimidagi markaziy va hududiy telekanallardagi sport translyatsiyalari vaqtida reklama qilish uchun 50 foizlik chegirma beriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing