O‘zbekiston va AQSH yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

O'zbekiston

O‘zbekiston va AQSH yetakchilari telefon orqali muloqot qilib, strategik sheriklikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xavfsizlik, savdo va gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va AQSH yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
5-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-AQSh strategik hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini batafsil muhokama qildilar. AQSh Prezidenti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy modernizatsiya va aholining farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yuqori baholadi. Shavkat Mirziyoyev esa Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan tabriklab, global xavfsizlikni ta’minlashdagi AQShning rolini alohida ta’kidladi.

Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Fuqaro aviatsiyasi, energetika, kritik mineral resurslar, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishlari shular jumlasidan.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi izchil ortmoqda: 2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga ko‘paydi. Tomonlar biznes hamkorligini faollashtirish va yangi bitimlar tuzishga kelishib oldilar.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, jumladan, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar aloqalar kengayib bormoqda, Toshkentda yetakchi AQSh universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Donald Tramp O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasiga 2026-yilda AQShda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ilk bor ishtirok etishi munosabati bilan omad tiladi.

Shuningdek, xalqaro masalalar, jumladan, «S5+1» formati doirasidagi mintaqaviy hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Muloqot ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi, tomonlar oliy darajadagi aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing