O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 250 million dollarga yaqinlashdi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Ikki mamlakat qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi 9-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri Anas Sarvar hamraislik qildi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 250 million dollarga yaqinlashdi
2026-yil yanvar–avgust oylarida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12,6 foizga oshib, 250 million dollarga yaqinlashdi. Muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston mahsulotlarining Britaniya bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘ldi.

Tomonlar Buyuk Britaniyaning Developing Countries Trading Scheme (DCTS) savdo preferensiyalari tizimidan foydalanish, sertifikatlashtirish tartiblarini soddalashtirish va texnik to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaning savdo tarmoqlarida ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish kun tartibidan 46 ta loyihani amalga oshirish va ularni Buyuk Britaniyaning UK Export Finance eksport-kredit agentligi ishtirokida moliyalashtirish masalalari ham o‘rin oldi. Ishtirokchilar Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish, elektrotexnika, muhim minerallar, farmatsevtika va transport mashinasozligi sohalarida hamkorlikni kengaytirishni ham muhokama qildi.

Yig‘ilish yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi bayonnomani imzoladi. Hujjat savdo, investitsiyalar, sanoat, raqamli texnologiyalar, moliya va sog‘liqni saqlash sohalaridagi kelishuvlarni qamrab oladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing