O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash to‘g‘risida kelishib oldilar

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Bu haqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash to‘g‘risida kelishib oldilar
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Turli yillarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan mo‘g‘ulistonliklar do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘layotgani ta’kidlandi.

Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ertaga Toshkentda mashhur «Morin Xuur» mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Mo‘g‘ulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing